So‘nggi kunlarda Humo kartasidan foydalanuvchilarning ayrimlari mobil (to‘lov) ilovalarida to‘lov va p2p o‘tkazmalarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch keldi.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, u “Markaziy bankni vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan”.

Kompaniyaning qayd etishicha, “ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida terminal egalari tomonidan go‘yoki Humo to‘lov tizimi bir necha kundan buyon ishlamayotganini ro‘kach qilib, xaridorlardan to‘lov uchun Humo kartasini qabul qilishni rad etish holatlari uchramoqda.

“Humo kartalaridagi amaliyotlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar faqatgina bank va to‘lov ilovalarida kuzatilgan bo‘lib, bu holat Humo terminallari va bankomatlari orqali amaliyotlarga ta’sir qilmagan”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Kartochkalarni to‘lovga qabul qilishdan bosh tortgan hollarda foydalanuvchilar davlat soliq xizmatining 71−202−32−82 yoki 1198, shuningdek, Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM)ning 71−200−08−88 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘raladi.

O‘zbekiston Markaziy bankining xabar berishicha, Humo regulyatorni vaziyat haqida xabardor qilgan va uning sabablarini aniqlash choralarini ko‘rayotganini tushuntirgan.

“Markaziy bank vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish, xususan, karta egalarining o‘z kartalaridagi mablag‘laridan uzluksiz foydalanishini ta’minlash maqsadida Humo terminallari va bankomatlar ishlashiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi”, — deyiladi xabarda.