O‘zbekiston Ekologik partiyasi ekojurnalist, Sreda.uz sayti muallifi Natalya Shulepinaning Toshkent botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazish rejalaridan xavotiri keltirilgan maqolasiga munosabat bildirdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish idoralararo portalida “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish”gi hukumat qarori loyihasi paydo bo‘ldi (jamoatchilik uchun yopiq).

Loyihaga ko‘ra, 65,4 gektar maydondagi Botanika bog‘ini yangi tashkil etiladigan shahar hokimligining “Dam olish bog‘larini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi balansiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va O‘zbekistonning barcha viloyatlari hokimliklari huzurida ham xuddi shunday direksiyalar tashkil etish taklif qilinmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Botanika instituti huzuridagi akademik F. N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i noyob ilmiy-unikal obyekt hisoblanadi. Shu sababli, Botanika bog‘ini Vazirlar Mahkamasining „Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish“ to‘g‘risidagi qarori loyihasidan chiqarish hamda Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerak deb hisoblaymiz”, — deya ma’lum qildi Ekopartiya.

Partiyaning qayd etishicha, qaror loyihasida istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, atraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. “Ushbu faoliyat esa ilmiy muassasa sifatida tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘ida saqlanayotgan, dunyoning 5 qit’asidan keltirilgan, noyob bo‘lgan flora obyektlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deyiladi munosabatda.

Mazkur masala bo‘yicha partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi nomidan hukumatga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Munosabatning to‘liq matni