Ma’muriy ishlar bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudi to‘y korteji ishtirokchilarini 10 sutkaga qamoqqa olish haqida hukm chiqardi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda to‘y marosimiga ketayotgan yoshlar mashina rulini qo‘yib yuborib, butun tanasini salondan chiqarib ketayotgani aks etgan video tarqalgan edi.

Toshkent viloyati IIB YHXB tomonidan aniqlanishicha, voqea 1-oktabr kuni taxminan soat 15:00 da Samarqand ko‘chasida sodir bo‘lgan. Mazkur huquqbuzarlikni Yangiyo‘l tumanida yashovchi 22 yoshli fuqaro sodir etgan.

Sud ularni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Avvalroq Farg‘ona viloyatida davlat raqamisiz avtomobillarda oynalardan tanalarini chiqarib olgan, haydovchilar yo‘lning harakat qismida mashinasini to‘xtatib, boshqalarning harakatlanishiga xalal bergan 16 nafar to‘y korteji ishtirokchilari 15 sutkaga qamalgan edi.