O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi 15-iyul kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida bir qiz to‘rt erkak tomonidan zo‘rlangan holat haqida habar berdi.

Loyihaga esa qizning ota-onasi murojaat bilan chiqqan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz o‘sha kuni uyidan 300 metr uzoqlikda bo‘lgan qarindoshinikiga borgan. Yo‘lda u qishloqdoshining uyi yonida bir guruh mast odamlarni ko‘rgan. Qiz ularni aylanib o‘tish uchun yo‘lning narigi tomoniga o‘tgan. Biroq, qo‘shnisi uning qo‘lidan ushlab olgan va unga muqaddam sudlangan yana bir kishi qo‘shilgan. Nemolchi.uz ularning ismlarini ham keltirgan, ularni asl nashrda ko‘rishingiz mumkin.

Qizni zo‘rlik bilan uyga sudrab kirishgan, uch kishi uni kaltaklagan va zo‘rlagan, qarshilik ko‘rsatmaslik uchun unga pichoq bilan tahdid qilishgan, deb yozadi loyiha. Keyin erkaklar tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, uni zo‘rlashga qo‘shilishga taklif qilgan. Keyin qizni o‘ldiraman deb qo‘rqitib, yana kaltaklashgan va jim turishini aytishgan.

Shundan so‘ng, qiz qonga belangan ko‘ylagi bilan shok holatda qarindoshinikiga yetib kelgan va tuman ichki ishlar xodimiga murojaat qilingan. Jabrlanuvchining qarindoshlari aytishicha, tuman IIB xodimi hafta oxiri ekanligini va shuning uchun dushanba kuni kelishlarini aytgan, ammo dushanba kuni u ekspertiza uchun yo‘llanma bermagan. Shundan so‘ng ular prokuraturaga borishga majbur bo‘lgan, sud ekspertizasi esa shundan keyingina — 18-iyul kuni o‘tkazilgan.

“Garchi bunday hollarda ekspertizani tezroq o‘tkazish muhim bo‘lsa-da, tuman IIB xodimining harakasizligi va mas’uliyatsizligi tufayli zo‘rlash voqeasidan keyin uch kun yo‘qotildi. U „tasodifan“ ishni kechiktirdimi? Yana qancha zo‘rlash holatlariga indamay turgan ekan? Nega u uchun adolatdan ko‘ra, zo‘rlovchilarning reputatsiyasi muhimroq? Qanday qilib u huquqni muhofaza qilish organlarida ishlashi mumkin?”, — deya o‘rtaga savol tashlamoqda Nemolchi.uz loyihasi.

Jabrlanuvchining qarindoshlari, shuningdek, ekspertiza natijalari 24-iyul kuni e’lon qilinganligini xabar qilishdi: biomateriallarda bir nechta namunalar topilgan bo‘lsa-da, ish faqat ilgari sudlangan bitta gumonlanuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan. U Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan (Nomusga tegish) ayblanmoqda, u 5−8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

“Aftidan, kattaqo‘rg‘onlik huquq himoyachilari faqat avval jazo muddatini o‘tab bo‘lganlarnigina aybdor qilishga qaror qilgan. Axir, guruh bo‘lib nomusga tekkanlik uchun jazo qat’iyroq”, — deyiladi loyiha xabarida.

Qizning qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, qolganlar bu ishga jalb qilinmagan. Aytilishicha, ularning ikki nafari Rossiyaga ishlash uchun ketib qolgan.

Nemolchi.uz loyihasi Bosh prokuraturaga ushbu ishni nazoratga olish hamda Samarqand viloyati IIB faoliyatini tekshirishni so‘rab murojaat qildi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Samarqand viloyati IIB tomonidan akvaparkning “yarim yalang‘och holda odobsiz raqslarni ijro etgan” raqqosalari bilan suhbat o‘tkazilgandi. Shu bilan birga, qizlar OIV infeksiyasi, teri va tanosil kasalliklari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgani ma’lum qilingandi.