Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Soybo‘yi qishlog‘i hududiga tog‘dan ikki bosh Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayiq bolasi kelib tushgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Vaziyat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi, tuman IIB, Milliy gvardiya, Toshkent hayvonot bog‘i hamda Hisor qo‘riqxonasi xodimlaridan iborat tezkor ishchi guruh tuzilgan.

Voqea joyiga yetib borgan ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan operativ chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan ayiq bolalari maxsus o‘q-dorili qurol yordamida uxlatilgan. Shundan so‘ng, jonivorlarga hech qanday shikast yetkazilmasdan, Hisor davlat qo‘riqxonasining “Tanxoz” daryo bo‘limiga qo‘yib yuborilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida ayiq qishloqqa ozuqa izlab kelib, fermerning ikki bosh qo‘yini olib ketgani xabar qilingan edi. Ekologiya boshqarmasi xodimlari jonivor aniqlangan hududni nazoratga oldi. Joriy yilning aprelida esa Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan biriga kelib qolgan ayiq otib o‘ldirilgandi.