O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-sentabr kuni Berlinda Germaniya federal kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda barqaror va izchil mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

германия, марказий осиё, шавкат мирзиёев

Tadbir ishtirokchilari “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuksak baho berib, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini og‘ishmay amalga oshirayotganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqa mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy ko‘mak ko‘rsatishda Germaniya muhim o‘rin tutib kelayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Bular — investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash, Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazib borish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Eslatib o‘tamiz, 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan edi.

2-iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti o‘tkazildi.