Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari avgust oyi uchun Toshkent shahridagi uy-joy ijara narxlarining daromadliligini tahlil qildi. Poytaxtda uy-joy ijarasidan eng ko‘p daromadni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uylar keltirmoqda.

Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, 2023-yilning avgust oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘tgan yil avgust oyidagiga nisbatan eng yuqori o‘sishi Yunusobod (37,1 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (35,7 foiz) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish Sergeli (27,8 foiz) va Olmazor (24,4 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Uy-joy narxlarining o‘zgarishi (avgust oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan)Uy-joy narxlarining o‘zgarishi (avgust oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan)

Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek (12 foiz) va Chilonzor (10,6 foiz) tumanlarida uylarini ijaraga berishidan (uy qiymatiga nisbatan) eng yuqori daromad olinmoqda. Nisbatan pastroq daromad Sergeli (8,5 foiz) va Uchtepa (8,2 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Ijaradan olinadigan yillik daromadIjaradan olinadigan yillik daromad

Institutning qayd etishicha, agar 2023-yilning sentabr oyida Global Property Guide nashri tomonidan 58 ta davlat uchun e’lon qilingan uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan o‘rtacha daromad reytingiga Toshkent shahri (10 foiz) qo‘shilganida, Gruziyadan (12,4 foiz) keyin ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lardi.

Mazkur reytingda Gruziyadan keyingi o‘rinlarni Janubiy Afrika Respublikasi (9,9 foiz), Irlandiya (8,1 foiz), Puerto-Riko (8,1 foiz), Latviya (7,8 foiz), Kolumbiya (7,7 foiz), Morakash (7,6 foiz), Indoneziya (7,6 foiz) va Litva (6,7 foiz) davlatlari egallagan.

ijara нархи, мҳти, uy-joy

Tumanlar va uylar bo‘yicha ko‘pqavatli uylardagi xonadonlar narxining o‘zgarishidan olinadigan foyda va ijara daromadlarining birgalikdagi ta’siri baholanganda 2 va 3 xonali turar joylar investitsiyalarning daromadlilik nuqtai nazaridan istiqbolli bo‘lib chiqdi. Bunday uy-joylar ijarasidan kelayotgan daromadning o‘zi o‘rtacha 10 foizni tashkil etmoqda.

Xuddi shu davr mobaynida muddati bir yildan ortiq bo‘lgan xorijiy valyutadagi bank depozitlarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2022-yilning avgust oyidagi 4,3 foizdan 2023-yilning avgust oyida 5,5 foizga oshgan.

Xulosa sifatida institut uy-joy narxlari oshib borayotgan sharoitda ijaradan kelayotgan daromadning jozibadorligi aholi jamg‘armalarining ko‘chmas mulkka yo‘naltirilishini yanada rag‘batlantirishini qayd etgan. Bu esa uy-joyga bo‘lgan talabni yanada oshirib, ular narxining yanada qimmatlashishiga olib kelishi mumkinligi aytiladi.