Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqaro ikkinchi marta belgilanmagan joyga qurilish chiqindilarini to‘kib ketgani uchun uning yuk mashinasi musodara qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, fuqaro Qorasaroy mahallasidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yiga “Zil” yuk mashinasida qurilish chiqindilarini to‘kib ketgan. Uning bu harakatlari hududdagi xonadonlardan biriga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.

Shu sababli fuqaro 7-sentabr kuni BHMning 5 barobari miqorida, ya’ni 1 mln 650 ming so‘m jarimaga tortilgan.

Ammo oradan 8 kun o‘tib, fuqaro tomonidan bu huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-prim 1-moddasida huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinishi belgilangan, deyiladi xabarda.

Shunga asosan uning transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilib, musodara qilinishi yuzasidan hujjatlar to‘planib, sudga da’vo arizasi kiritilmoqda.

O‘zbekistonda 2023-yilning 8 oyida chiqindilarni noto‘g‘ri joyga tashlash bilan bog‘liq 11 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Shuning 600 dan ortig‘i onlayn kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.