Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatda donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish, shuningdek, dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan.

Ushbu qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarida sog‘lom shaxslarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatlarini o‘zgartirish uchun imkoniyatni nazarda tutuvchi, shuningdek, bir ishlab chiqaruvchining turli savdo nomlari ostidagi, tarkibi bir xil dori moddalaridan iborat bo‘lgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunga donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Qonun bilan donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlashni xususiy tartibda amalga oshirishga bo‘lgan taqiq bekor qilinayotgani, ya’ni ushbu soha davlat monopoliyasidan chiqarilayotgani nihoyatda muhim. Biroq, shuni ham aytish kerak, qon va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlashning qat’iy va o‘zgarmas maxsus standartlari bo‘lishi shart! Bu oddiy ish emas. Ayniqsa bugungi kunda qon bilan yuqadigan turli kasalliklarning mavjudligi bu borada nihoyatda katta mas’uliyat, yuksak malaka va sinchkovlikni talab qiladi”, — deydi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.