O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-avgust oylari davomida 1415 nafar fuqaro yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Tolibjon Madumarov ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, 2023-yilning o‘tgan 8 oyida mamlakatda 9 milliondan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi, jumladan, 8 millionga yaqin qo‘pol qoidabuzarliklar, 26 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 161 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan. Oqibatda ushbu davrda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 5448 nafar odam jarohatlangan, 1415 nafar fuqaro vafot etgan.

Avvalroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov yanvar-iyul oylarida 1115 kishi YTH oqibatida vafot etganini ma’lum qilgandi. Ushbu ma’lumotlardan kelib chiqadiki, avgust oyida 300 nafar fuqaro YTH sabab vafot etgan.

Shuningdek, Tolibjon Madumarovning ma’lum qilishicha, respublika bo‘ylab taxminan 11 mingga yaqin piyodalar o‘tish joyi mavjud. Ularning 1834 tasida svetofor yoki piyodalarning xavfsizligini ta’minlovchi boshqa yo‘l belgilari qo‘yilgan. “Bu umumiy raqamning 30 foizini ham tashkil etmaydi”, — deydi senator.

“Aksariyat tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarni mazkur obyekt to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilmagan va yo‘l chiziqlari chizilmagan”, — deya qayd etdi senator.

Uning ta’kidlashicha, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida sutkaning qorong‘i vaqtida tegishli sun’iy yoritish chiroqlari bilan ta’minlanmagani bois YTHning aksariyati kechki paytga to‘g‘ri kelmoqda. 2021−2023-yillar davomida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida 2784 YTH sodir etilgan bo‘lsa, ularning 1007 tasi sutkaning qorong‘i vaqtida sodir etilgan.

Tolibjon Madumarov haydovchilar tomonidan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l bermaslik ham YTHlarni ko‘payishiga sabab bo‘lyapganini aytdi. Uning qayd etishicha, bunday holatlar yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2021-yil davomida 101 796 ta haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermaslik holati qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 142 967 ta, 2023-yilning 8 oyida 90 811 tani tashkil etmoqda. Senator nutqining yakunida ushbu muammolar hal qilinishi bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida savol berdi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Erali Bozorov ushbu masala yuzasidan prezident tomonidan 28-iyul kuni Farg‘ona shahridagi yig‘ilishda topshiriqlar berilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda ishchi guruhlar tuzilgan.

“Ishchi guruhlar YTHlarning asosiy sabablari, yo‘llarning holati, yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha joylarga chiqqan holda bevosita ishlar olib bormoqda. Bugungi kunga qadar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida o‘rganishlar yakunlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda o‘rganishlar davom etmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasiga axborot berib borilmoqda”, — dedi Bozorov.

Uning ma’lum qilishicha, 2030-yilgacha og‘ir oqibatli YTHlarni 50 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, u “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

“Bu loyiha bo‘yicha hamma vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Hozirda loyiha Prezident administratsiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Qonun loyihasida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxati, 2023−2026-yillarda ko‘prik inshootlarini tiklash dasturi, shuningdek, yo‘l qurilish rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturi o‘rin olgan”, — dedi Erali Bozorov.

Avvalroq “Transkasb” korxonalar uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari, ekspert Nosirjon Zokirov piyodalar o‘tish joyi yaqiniga haydovchilar uchun 1.20 (Piyodalar o‘tish joyi) ogohlantiruvchi belgisini qo‘yish kerakligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, hozirda ushbu belgi Toshkent shahrida juda kam.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida 2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy bo‘lishi belgilangan.