Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi 2024-yil 1-yanvardan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqdagi farmonni uning prezidenti Samvel Shaxramanyan imzoladi, deb xabar beradi News.am.

“2024-yil 1-yanvargacha bo‘ysunuvdagi barcha davlat muassasalari va tashkilotlari tugatilib, Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (Arsax) o‘z faoliyatini to‘xtatsin”, — deyiladi farmonda.

Hujjatda qayd etilishicha, qaror “og‘ir harbiy-siyosiy vaziyat” munosabati bilan, “Arsax xalqining jismoniy xavfsizligi va hayotiy manfaatlarini ta’minlash ustuvorligi asosida”, shuningdek, tan olinmagan respublika va Ozarbayjon o‘rtasidagi kelishuvni hisobga olgan holda qabul qilingan.

Tog‘li Qorabog‘ aholisi, shu jumladan, tan olinmagan respublikadan tashqarida bo‘lganlarga Ozarbayjon tomonidan taqdim etilgan “reintegratsiya shartlari bilan tanishish” va mintaqada qolish yoki ketish to‘g‘risida o‘z qarorlarini qabul qilish taklif qilinadi.

Hujjat e’lon qilinganidan keyin darhol kuchga kiradi.

Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning avj olishi 19-sentabrda Ozarbayjon tan olinmagan respublikada “aksilterror operatsiyasi” boshlanganini e’lon qilib, jumladan, poytaxt Stepanakertni o‘qqa tuta boshlaganidan keyin yuz berdi.

20-sentabr kuni tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tog‘li Qorabog‘ hukumati Ozarbayjonning talablariga rozi bo‘ldi: tan olinmagan respublika armiyasi tarqatib yuboriladi va uning hududidan harbiy texnika olib chiqiladi. Kelishuvga ko‘ra, mahalliy aholining reintegratsiyasi va xavfsizligi masalalari Ozarbayjon vakillari bilan uchrashuvlarda hal etiladi.

Stepanakert taslim bo‘lgach, etnik armanlar Tog‘li Qorabog‘ni ommaviy ravishda tark eta boshladi. Armanistondan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tan olinmagan respublika hududidan 65 ming kishi mamlakatga evakuatsiya qilingan.