28-sentabr kuni Toshkent shahri Mirobod tumanida Saz-Le 60 rusumli avtobus beton ustunga urilib, YTH sodir etdi. Bu haqda poytaxt YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Soat 13:20 da tumanning Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida 1998-yilda tug‘ilgan haydovchi avtobusda rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomashina beton ustunga urilgan.
Avtobus oynasi singan, shuningdek, mashinaning old qismiga shikast yetgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohat olganlar yo‘q, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan shahar YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.