O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Prezident administratsiyasi vazirga mahalliy Samo kompaniyasining tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” №100 preparatini qabul qilgan bolalarda nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha intervyu berishni taqiqlamaganini ma’lum qildi.

Bir kun avval Namanganda o‘zini sog‘liqni saqlash vazir yordamchisiman deb tanishtirgan shaxs jurnalist va blogerlarga vazirga intervyu berish taqiqlanganini aytib: ““Sog‘liqni saqlash vaziri shuncha ish qilyapti, nima kerak hozir uni kovlab?” — degan edi u suhbat yozuvida.

Jurnalistlar, shuningdek, hozirgi keskin vaziyatda Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddilarning yopiqligidan noroziligini bildirishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi ulardan “sukut saqlashni” so‘ragan. Videoda u mansabdor shaxslar bilan talabchan ohangda muomala qilishga haqqi yo‘qligini va “subordinatsiya” saqlash kerakligini aytadi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ma’lumot haqiqatdan yiroq ekanligi, Prezident administratsiyasidan bunday topshiriq bo‘lmaganini ma’lum qiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“O‘z navbatida, bolalarda aniqlangan holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari va tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilayotganini eslatib o‘tamiz”, — deya qayd etdi vazirlik.

Vazirlik mavzuga doir savol va murojaatlar uchun ochiq hamda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Ayni paytda “Antistrumin” iste’molidan jabrlangan bolalarning aniq soni noma’lum.

Faqatgina Namangan viloyatida 450 nafar bolada nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani ma’lum qilingan. “Gazeta.uz” Toshkentda suhbatlashgan ota-onalar farzandlariga dori berilishi haqida ogohlantirilmaganini aytishdi.

22-sentabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi tergov tugaguniga qadar Samo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga taqiq joriy qildi. Dori ishlab chiqariladigan korxonada tekshirish boshlandi.

Davlat xaridlari portalining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, ikki yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi Samo kompaniyasidan qariyb 22 mlrd so‘mga 3,55 mln qadoq “Antistrumin” sotib olgan.