O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi (“O‘zfarmnazorat”) “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini ishlab chiqaruvchi Samo farmatsevtika kompaniyasi faoliyatini tekshirmoqda, deya xabar berdi muassasa matbuot xizmati.

Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, ishlab chiqarish, distribyutorlik va saqlash amaliyotlari davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi o‘rganilmoqda. Shuningdek, korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart bo‘lgan litsenziya talab va shartlari bo‘yicha holatlar tekshiriladi.

Shuningdek, “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti“ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi.

“O‘zfarmnazorat” jamoatchilikdan tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu dori vositasi bilan bog‘liq holat sabablari aniqlanib, ma’lum qilinmaguncha, asoslanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani (jami 450 nafar bola haqida xabar berilgan) ma’lum bo‘lgach, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 22-sentabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Biroq ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “oziq-ovqat yoki dori-darmondan zaharlanish gumonlari hali tasdiqlanmaganini” aytdi. U bolalarda O‘RVI bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limlariga ham o‘nlab bolalar zaharlanish belgilari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar farzandlari yod iste’mol qilganidan keyin kasal bo‘lib qolishganini aytishdi. Shifokorlar esa preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Yuzlab bolalar kasalxonaga yotqizilgani holati bo‘yicha jinoiy ish ochildi.