O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) Madaniy meros agentligining “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi binolari, jumladan, hozirda O‘zA egallab turgan 16 qavatli binoni auksiondan olib tashlashni talab qilgan bayonotiga izoh berdi.

Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining davlat reyestriga kiritilgan.

2023-yil iyundagi kadastr hujjatlariga ko‘ra obyektning umumiy hududi 28 888 kv metrni, bo‘sh yer maydoni 15 211 kv metrni, bino va inshootlarning hajmi 42 048 kv metrni, shundan 25 024 kv metrni ishlab chiqarish va yordamchi binolar tashkil etadi va 3 ta alohida ma’muriy binolar mavjud, deya qayd etdi DABA.

Davaktiv agentligi va Madaniy meros agentligi rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqotda obyekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros obyekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo‘yicha birgalikda ish tashkil etish kelishib olindi va bu to‘g‘risida Davaktiv agentligining murojaati yuborildi.

ўза, шарқ nashriyoti, davlat aktivlarini boshqarish agentligi, modernizm, xususiylashtirish

Qayd etilishicha, “Sharq” nashriyoti bugungi kunda kam quvvatda ishlamoqda (50 foiz), biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilmay kelmoqda, joriy yil yarim yillik yakuni bo‘yicha sof tushumi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan, sof foydasi esa atigi 13,8 mln so‘mni tashkil etib, 80 foizga kamaygan.

“Jamiyatning mavjud bino-inshootlari va hududidan samarali foydalanilmasada, katta miqdorda mol-mulk va yer solig‘i to‘lab kelmoqda. Jumladan, 2022-yil va 2023-yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan 3,3 mlrd. so‘m miqdorida mol-mulk va yer solig‘i to‘langan”, — deyiladi xabarda.

ўза, шарқ nashriyoti, davlat aktivlarini boshqarish agentligi, modernizm, xususiylashtirishAgentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uyda joylashgan “Sharq” nashriyotining bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari ma’nan eskirgan hamda ta’mirtalab, aksariyati esa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Shuning uchun ham uni Uchtepa tumanidagi Katta Xirmontepa ko‘chasi 1-uy manzilidagi “ixcham va zamonaviy” binoga ko‘chirilishi jamiyat bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda. Hozirda u yerda deraza va eshik konstruksiyalari uchun aksessuarlar, mineral vatadan izolyatsion uch qavatli metall panellar, alyuminiy kompozit panellar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Akfa Building Materials kompaniyasi joylashgan.

“Shu bilan birga, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uyda joylashgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA)ning ma’muriy binosi madaniy meros obyekti ro‘yxatiga kiritilmagan, ammo ushbu bino Toshkent shahrining tarixiy arxitekturasini, shu jumladan, muhim „modernizm“ yodgorligi qiyofasini aks ettirishini inobatga olib, uni saqlab qolish maqsadida savdoning asosiy sharti etib ma’muriy binoning tarixiy qiyofasini saqlab qolish belgilangan”, deya qayd etdi agentlik.

Ta’kidlanishicha, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga muvofiq, xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Davaktiv agentligi Madaniy meros agentligi bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan holda madaniy meros obyektiga aniqlik kiritilishi, mulkiy majmuani amaldagi qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda shaffof xususiylashtirish jarayonini ta’minlashi hamda jarayonning har bir bosqichi to‘g‘risida omma xabardor qilib borilishini bildirdi.

Arxitektor Richard Blezening 16 qavatli “Shark” nashriyot uyi binosi 10 yil avval noto‘g‘ri rekonstruksiya qilinganiga qaramay, Toshkent timsoli bo‘lib qolmoqda, deydi arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich. “Gazeta.uz”dagi kolonkasida u nima uchun “Sharq” binolari (shu jumladan gorizontal bino) saqlanib qolishi kerakligini yozadi (rus tilida).