Toshkent metrosida so‘nggi 15 kunda poyezd yo‘liga tushish bilan bog‘liq 3 ta holat aniqlandi. Bu haqda metropoliten axborot xizmati xabar qildi.

Poyezd yo‘liga tushgan yo‘lovchilar bekatda faoliyat olib boruvchi xodimlar tomonidan zudlik bilan ushbu yo‘lovchilar xavfsiz tarzda platformaga olib chiqilgan. Yo‘lovchilar shaxsiy buyumlari tushib ketgani va uni olish maqsadida poyezd yo‘liga tushganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Metropoliten ta’kidlashicha, metro yo‘lida inson hayoti uchun xavfli hattoki o‘lim darajasiga olib boruvchi yuqori kuchlanishdagi (825 Volt) elektr toki mavjud. Ma’lumot o‘rnida, 42 Volt kuchlanishdagi elektr toki inson hayoti uchun xavfli hisoblanadi.

“Shu sababli metrodan foydalanish vaqtida hushyor va sergak bo‘ling. Agarda bu kabi holatlarga duch kelsangiz zudlik bilan bekat platformasida faoliyat olib boruvchi xodimlarga murojaat qilishingiz lozimligi eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.

4-avgustda Toshkent metropolitenining “Do‘stlik-2” bekatida fuqaro metro yo‘liga tushib qolgan bosh kiyimni olish maqsadida o‘zboshimchalik bilan poyezd yo‘liga tushgani xabar qilingandi. Unga nisbatan “Metropolitendan foydalanish tartib-qoidalari”ga amal qilmagani sababli bayonnoma rasmiylashtirilgan.