Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Bu bo‘yicha kelishuv Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun Xitoyga tashrifi davomida imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, viloyatdagi ijtimoiy muassasalarni qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish hamda Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihalari borasida Xitoyning Sinomash xoldingi bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 3-noyabr kuni O‘zbekiston sobiq TIV rahbari Vladimir Norovning Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvi doirasida Kampirobod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari ikki davlat chegarasidagi Kampirobod (Andijon) suv omborini boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tuzilganini ma’lum qilgandi.

“Umuman olganda, bahsli yerlarning deyarli 99 foizi bizning foydamizga. Kempirobod avvallari to‘liq o‘zbek tomoni nazoratida bo‘lgan, ammo endi biz 50/50 ulushga ega qo‘shma korxona tuzamiz va [suv ombori] to‘g‘onini birgalikda boshqaramiz, deb kelishib oldik”, — deb yogandi u Facebook`da.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suv omboridagi suv sathi 908-gorizontaldan 900-gacha pasayadi. Natijada suv ombori qirg‘og‘idagi 1246 gektar yer bo‘shatiladi va qirg‘iz xalqi undan qishloq xo‘jaligida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 10-oktabr kuni mamlakat parlamentining tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston bilan chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuv loyihasi, qo‘shni davlatga qancha yer berilgani va Qirg‘iziston nima olgani haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, Qirg‘izistonga 19 ming gektardan ziyod, Kampirobod suv ombori suvlari hududi — 4485 gektar yer O‘zbekistonga berilishi qayd etilgan.

30-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev imzolagan Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunga ko‘ra, O‘zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer maydoni o‘tkaziladi, Qirg‘izistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.