O‘zbekistonda 2023-yilning 8 oyda 414 kishi ovqatdan zaharlandi. Bu haqda 21-sentabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

O‘tgan sakkiz oy mobaynida 39 ta holatda ovqatdan guruhli kasallanish qayd etilgan. Buning oqibatida 414 nafar fuqaro jabrlangan, ularning 86 nafarini bolalar tashkil qiladi, yana 2 nafar fuqaro esa vafot etgan. Kasallanganlarning 81 nafarida botulizm qayd etilgan.

“Maishiy, ya’ni uy sharoitida guruhli kasallanish salatlarni tayyorlashda sanitariya qoidalariga, saqlash tartibiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarda bu kabi holatlar bizni ko‘proq o‘ylantirmoqda. 13-iyulda Sergeli tumanidagi 600-sonli bog‘chada 12 nafar, Angren shahridagi 10-sonli bog‘chada 27 nafar tarbiyalanuvchilarning guruhli ovqatdan zaharlanish holati ro‘yxatga olingan”, — dedi Nurmat Otabekov.

SES rahbari o‘rinbosarining aytishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bunday holatlarning kuzatilishi, birinchidan, oshxonalar loyiha asosida qurilmayotgani, sanitariya talablariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani va issiq-sovuq cuv ta’minotidagi muammolar bilan bog‘liq. Mazkur oshxonalarda ishlatilayotgan jihozlar eskirgani, bolalarga ovqat tayyorlab berayotganlar nomutaxassis va sanitariya normalari bo‘yicha o‘qitilmagani ham yuqoridagi holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax shahridagi oshxonalarning birida taomlangan 57 kishi, Toshkent shahridagi qurilishning 20 nafar ishchisi va Samarqand viloyatida to‘yda qatnashgan 42 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangandi.