O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasining umumsiyosiy debatlarida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari joriy sessiya “xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda” o‘tayotganini ta’kidladi.

“Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda”, — dedi u.

“Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda”, — dedi prezident.

“Bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda”, — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

U 2022-yilda O‘zbekiston umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surganini eslab o‘tdi.

“Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat”, — dedi u.

“BMT bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yil Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, tashkilotimizning (BMT — tahr.) ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman — dedi O‘zbekiston prezidenti.

“Biz barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o‘ylashimiz lozim”, — dedi u.

“Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.