Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari 20-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Novosti Armenii” portali.

Kelishuv shartlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Armaniston Qurolli kuchlarining qolgan bo‘linmalari va harbiy xizmatchilari Rossiya tinchlikparvar kontingentini joylashtirish zonasidan olib chiqib ketilishi;
  • Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasining qurolli tuzilmalarini tarqatib yuborish va to‘liq qurolsizlantirish;
  • Tog‘li Qorabog‘ hududidan og‘ir texnika va qurollarni “tezda utilizatsiya qilish maqsadida” olib chiqib ketish.

“Reintegratsiya, Tog‘li Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ aholisining Ozarbayjon Konstitutsiyasi doirasidagi turmush tarzini ta’minlash masalalari” 21-sentabr kuni Yevlax shahrida bo‘lib o‘tadigan mahalliy arman aholisi va Ozarbayjon hukumati vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda va undan keyingi uchrashuvlarda muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Kelishuvga “Tog‘li Qorabog‘da joylashgan Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi vositachiligida erishildi”, — deya qayd etgan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi o‘zining bayonotida “terrorizmga qarshi chora-tadbirlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini” xabar qildi.

Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro 19-sentabr kuni Ozarbayjon tan olinmagan respublikada “mahalliy aksilterror operatsiyasi”ni e’lon qilib, uning hududini, jumladan, poytaxti Stepanakertni o‘qqa tuta boshlaganidan keyin qayta avj oldi.

Birinchi kun oxiriga kelib Boku Tog‘li Qorabog‘dagi 60 dan ortiq jangovar pozitsiyalarni nazoratga olgani va Armaniston qurolli kuchlariga tegishli bo‘lgani aytilayotgan 20 tagacha jangovar texnika, 40 dan ortiq artilleriya va ikkita zenit-raketa komleksini zararsizlantirilgani haqida xabar berdi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Ombudsmani Gegam Stepanyan tinch aholi vakillaridan 7 kishi, jumladan, 2 nafar bola halok bo‘lgani, 35 kishi, jumladan, 13 nafar bola jarohat olganini ma’lum qildi.

Tan olinmagan respublika rasmiylari Ozarbayjonni o‘t ochishni to‘xtatishga va muzokara stoliga o‘tirishga chaqirdi. Bunga javoban Boku Armaniston qurolli kuchlarini “qurollarni tashlab, taslim bo‘lishga” chaqirib, faqatgina shu holatda “aksilterror choralari to‘xtatilishini” ma’lum qildi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaro 1980-yillarning oxiridan beri davom etib keladi. 2020-yil sentabr oyi oxirida vaziyat yana keskinlashganidan so‘ng Yerevan Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini Boku nazoratiga qaytarishga rozi bo‘lgan va tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan. O‘zaro hududlar tutashgan chiziq bo‘ylab Rossiya tinchlikparvar missiyasi joylashtirilgan.