O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “S5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda AQSh prezidenti Jo Bayden, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi.

шавкат мирзиёев, S5, марказий осиё, ақш

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Sammitda 8 yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “S5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani ta’kidlandi.

Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.

шавкат мирзиёев, S5, марказий осиё, ақш

Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan avvalroq Markaziy Osiyo va AQSh prezidentlari sammiti “hech bir davlatga qarshi qaratilmaganini” aytgandi. “Bu biz ishlashni istagan mamlakatlar bilan ijobiy kun tartibi haqida”, -degandi u.