AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratorining Osiyo byurosi yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur (Änjali Kaur) 26−30-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. “Gazeta.uz” u bilan agentlikning O‘zbekistondagi maqsadlari, mamlakatda qaysi sohalarda ish olib borayotgani va inklyuzivlik xususida suhbatlashdi.

Video (o‘zbekcha subtitr bilan)

Intervyuning o‘zbek tilidagi (qisqartirilgan) matnli talqini

— O‘zbekistonga ikkinchi marta tashrif buyurdingiz. So‘nggi tashrifingizdan keyin biror o‘zgarish sezdingizmi?

— O‘zbekiston mening sevimli mamlakatlarimdan biri, shuning uchun qaytib kelganimdan juda xursandman. Oxirgi marta bu yerga o‘tgan yilning may oyida kelganman va o‘sha tashrif doirasida Toshkent va Buxoroda bo‘lganman. Bu safar esa yana Toshkentga kelish va Samarqandga borish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Kecha Samarqanddan qaytib keldim va men o‘zimda ham, USAID`da ham va, umuman, O‘zbekistonda ham o‘zgarishlar bo‘lganini his qildim.

Bilasizmi, kimdir menga aytgandi, agar O‘zbekistondan bir oygagina chiqib ketib, keyin qaytib kelsangiz, mamlakatda o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rasiz. Rostdan ham davlat juda tez o‘sib bormoqda.

Shuningdek, men dasturlarimizning natijalari bilan tanishishga ham muvaffaq bo‘ldim. Samarqandda biz qo‘llab-quvvatlayotgan jamoat sayyohlik joylariga borib ko‘rdim. Bu bizga mahalliy darajada shaharlarga tashrif buyuradigan odamlarga mamlakat turizmi va go‘zalligini yetkazib berish haqida o‘ylash imkonini beradi.

Bundan tashqari, biz mehmon uylariga borishga ham muvaffaq bo‘ldik. U yerda odamlar qanday qilib o‘z uylarini nafaqat chet elliklar, balki O‘zbekistonning boshqa hududidan kelgan mehmonlar tashrif buyurishi va Samarqandda yashovchi odamlarning turmush tarzini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi uchun mehmon uyiga aylantirganiga guvoh bo‘ldik.

USAID bunday dasturlarni qo‘llab-quvvatlashni istaydi, chunki biz har bir inson O‘zbekistonning go‘zalligi va madaniyatini turli shakllar orqali tushunishini, shuningdek, bu mahalliy aholiga ham foyda keltirishini istaymiz.

usaid, анжали каuр, ақш, интервью, o‘zbekистон

Bilasizmi, bizni o‘zining mehmon uyida kutib olgan odam endilikda uni kengaytirib, sonini ko‘paytirmoqchi ekanini aytdi. Uning qo‘shnilari ham mehmon uylarini tashkil etish niyatida, chunki ular odamlar shunchaki mehmonxonada qolishni xohlamasligini payqamoqda. Mehmonlar oila muhitini his etib ko‘rishni xohlaydi va bu o‘sha mehmon uylarining egalariga katta foyda keltiradi. Bu ularning iqtisodiy o‘sishiga olib keladi.

Men o‘qituvchilar bilan ham uchrashishga muvaffaq bo‘ldim, biz mahalliy maktabga bordik. O‘qituvchilar bilan gaplashib, ulardan biz taqdim etgan ingliz tilini o‘rgatuvchi materiallar vaziyatni qanchalik o‘zgartirayotganini so‘radik.

Ular bu materiallar o‘quvchilarning ingliz tilida gapirish qobiliyati bo‘yicha natijalarini keskin o‘zgartirganini aytishdi. O‘qituvchilarning o‘zida ham bu materiallar katta qiziqish uyg‘otgan. Ular biz taqdim etayotgan kitoblarning rang-barangligi, ularda o‘quvchilar faolligini ta’minlovchi mashqlar borligini ta’kidlashdi. Bu o‘quvchilarga bir-biri bilan muloqot qilish imkonini beradi, shuningdek, ularda tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantiradi.

Biz nafaqat ingliz tilini o‘qitishga qaratilgan dasturlarimiz, balki hukumat bilan o‘rta ta’lim siyosatini o‘zgartirish va rivojlantirishda yordam berish uchun olib borayotgan ishlarimiz orqali O‘zbekiston yoshlari va kelajak avlodga ko‘proq imkoniyatlar yaratamiz, deb umid qilamiz.

Biz shunday sharoit yaratmoqchimizki, unda yoshlar maktabni bitirgan vaqtda nafaqat ingliz tilini ancha yaxshi biladi va gapira oladi, balki ish topish va iqtisodiyotga hissa qo‘shish uchun kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan bizni masalaning ikkinchi tomoniga olib boradi: bu ko‘nikmalarga ega bo‘lish orqali o‘quvchilarning O‘zbekistonni tark etib, boshqa joyga ishga ketishiga hojat qolmaydi.

Biz O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatda qolishi, tavakkal qilib boshqa mamlakatlarga ketmasliklari, o‘zi oilalarini xavf ostiga qo‘ymasliklari uchun o‘z mamlakatida imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini istaymiz. Odam savdosi bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatilmoqda, majburiy mehnat, xavfli sharoitlarda ishlash holatlari mavjud. Siz ko‘pincha qayerga ketayotganingizni bilmay qolishingiz mumkin.

Menga Samarqand migratsiyaning yuragi ekanini, Samarqanddan juda ko‘p odamlar Toshkentga, mintaqa bo‘ylab va boshqa mamlakatlarga ketayotganini aytishdi. Shundan kelib chiqib, bu yerda bizning dasturimiz bo‘lishi juda muhim. USAID dasturlari bo‘yicha maqsadimiz O‘zbekiston xalqining yoshu qarisi, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayollarining kelajagi, o‘sishi va rivojlanishiga ta’sir o‘tkazish, bunda o‘z rolini bajarishga qodir bo‘lish hisoblanadi.

usaid, анжали каuр, ақш, интервью, o‘zbekистон

— Hozirgi tashrifingizdan maqsad nima? Uning natijalari haqida ma’lumot berolasizmi?

— Ushbu tashrifim bu yerdagi faoliyatimizni yanada chuqurlashtirishni nazarda tutadi. Bilasizmi, o‘tgan yilda biz O‘zbekiston uchun mamlakat bo‘yicha birinchi strategik dasturni ishlab chiqqandik. Bu strategiya to‘rtta asosiy sektorni qamrab oladi — demokratiya va boshqaruv, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda iqtisodiy o‘sish. Men bu sa’y-harakatlarni yanada chuqurlashtirish uchun shu yerdaman.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan memorandum imzolashimiz rejalashtirilgan. Bu ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytiradi, shuningdek, global sog‘liqni saqlash xavfsizligi sohasida ham olg‘a siljishga yordam beradi.

Shuningdek, biz farmatsevtika komplayensi masalasini ham ko‘rib chiqmoqchimiz. Qanday qilib bemorlarning xavfsizligi, bozorda to‘g‘ri dori-darmonlar mavjudligiga erishishimiz mumkin? Boshqa mamlakatlardan, jumladan, AQShdan qanday standartlar va protseduralarni o‘rganib, bu yerda tatbiq etish va shu orqali haqiqatan ham xalq ehtiyojlari nuqtai nazaridan eng yaxshi xizmatlar ko‘rsatilishiga erishish mumkinligini o‘rganamiz.

— USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi ochilganiga uncha ko‘p bo‘lmadi. Nima uchun O‘zbekiston USAID uchun muhim?

— Biz ushbu missiyani ishlab chiqayotgan vaqtimizda juda hayajonda edim. Ushbu vazifani bajarish bizga O‘zbekiston hukumati bilan qo‘lni qo‘lga berib, yanada yaqinroq hamkorlik qilish imkoniyatini yaratdi. Buni faqat o‘zaro hamkorlikdagi missiyangiz bo‘lsagina bajarish mumkin. Boshqa yo‘llar bilan ham qo‘llab-quvvatlasa bo‘ladi, lekin buni faqatgina missiyani ishga tushirish orqali qilish mumkin.

Menimcha, bu juda muhim, chunki so‘nggi 30 yil davomida, ya’ni 1993-yildan beri USAID O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlab keladi. Ya’ni bu faqatgina oxirgi ikki yil va missiyadan iborat emas, so‘nggi 30 yil davomida biz 621 mln dollardan ortiq mablag‘ni yordam sifatida berdik.

Bu O‘zbekiston xalqiga biz sizning doimiy hamkoringiz, do‘stingiz, taraqqiyot donoringiz, sherigingiz ekanimizni ko‘rsatadi va, umid qilamanki, kelajakda ham ko‘rsatishda davom etadi. Biz uchun mustaqil, farovon va rivojlangan O‘zbekistonni ko‘rish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Mamlakatning kelajagi biz uchun shunchalik muhimki, biz o‘zimizga yanada faollashishga, mamlakatning o‘sib borayotgan ehtiyojlari va islohotlariga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshirishga imkon beruvchi missiyani ishlab chiqishga qaror qildik. Shuningdek, bu missiya mintaqa darajasidagi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lashga va O‘zbekiston mintaqa yetakchisi bo‘lishda davom etishiga imkon beradi.

Biz doimo ta’kidlashdan charchamaydigan va bizning 30 yillik hamkorligimizda o‘z aksini topgan jihat shundaki, biz bu mamlakatga sarmoya sifatida kiritgan barcha mablag‘lar grantlar hisoblanadi. Ularning hech biri qarz emas, hech qanday shartlarsiz berilgan. USAID orqali O‘zbekiston xalqiga berilgan barcha yordam Amerika xalqidan hisoblanadi.

Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz ortidagi g‘oya haqiqatan ham bu mamlakatning o‘sishi va rivojlanishini ko‘rishdir. Sherikchiligimiz rivojlanib borarkan, O‘zbekiston xalqi va hukumatining o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlariga erishishini, o‘z potensialiga yetishini va bunga o‘z hissamizni qo‘shishni istaymiz. Shuning uchun ham bu hamkorlikda faqat grantlar borligini, hech qanday majburiyatlar va shartlar nazarda tutilmasligini hisobga olish muhim deb o‘ylayman.

— O‘zbekiston bo‘yicha qaysi sohalarda ish olib boryapsiz? Nega aynan bu sohalar? Hamkorlikning moliyaviy va boshqa jihatdan ko‘lami qanday? Qaysi dastur va loyihalar bilan faxrlana olasiz?

usaid, анжали каuр, ақш, интервью, o‘zbekистон

— Biz to‘rtta yo‘nalishda loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz: demokratiya va boshqaruv, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy o‘sish hamda ta’lim. Bu sektorlar bo‘ylab biz har doim bir nechta asosiy integratsiya qiluvchi jihatlarni kiritishga harakat qilamiz. Masalan, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish masalasi. Biz buning har bir yo‘nalishga integratsiya qilinganiga ishonch hosil qilamiz. Aholining zaif qatlamlari va marginal guruhlarning ehtiyojlarini qondirish ham hamma sohaga integratsiya qilinishini ta’minlaymiz. Shuningdek, xususiy sektorning o‘sishi va rivojlanishi ham shular qatoriga kiradi.

Aprel oyida biz hukumat tomonidan qabul qilingan gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi qonunni texnik ekspertizadan o‘tkazdik. Bu — tarixiy voqea. Bu mamlakatda gender asosidagi zo‘ravonlikni jinoyat sifatida qabul qiladigan birinchi qonundir va bunda texnik yordam ko‘rsatayotganimizdan faxrlanamiz.

Qonun odamlarni bundan buyon o‘z uylarida va boshqa joylarda gender zo‘ravonligiga duch kelmasligini ta’minlashidan va shu kabi vaziyatlar yuz berganda himoya qilishidan juda xursandmiz.

Shuningdek, mamlakatdagi 600 mingdan ortiq odamga bepul yuridik yordam ko‘rsatdik. Bu yuridik yordam odamlarga o‘z hayotlarini tiklashga, pul yoki resurs taqchilligi sabab yecha olmagan muammolarini hal qilishga imkon beradi. Endi ular huquqiy bilimga ega va bu bilimlar odam savdosiga qarshi kurashdan tortib boshqa qonuniy masalalargacha o‘z ichiga oladi.

Men mamlakatda ta’lim siyosati, ayniqsa, boshqa sohalar qatori matematika, o‘zbek san’ati va madaniyati, ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini ilgari surish imkoniyatini bergan yutuqlarimizdan juda faxrlanaman. Hammamizga ma’lumki, ta’lim biz qilayotgan barcha ishlarning rivojlanishi uchun asos hisoblanadi.

Men faxrlanadigan jihatlar juda ko‘p, jumladan, migratsiya. Xavfsiz migratsiya borasidagi ishlarimiz. Bu bizning iqtisodiy taraqqiyot sektoridagi ishlarimiz bilan chambarchas bog‘liq.

Biz O‘zbekiston fuqarolarida mamlakatda ishlash imkoniyati bo‘lishiga va ular shu yerda faoliyat yuritib, shu yerda qolishiga yordam berishni xohlaymiz. Ammo agar ular ketishga qaror qilsa, migratsiyaning xavfsiz yo‘llari bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishlarida yordam berishni istaymiz.

Bu orqali ular mamlakatni tark etganlarida bu xavfsiz ekanini va ularni nima kutishini biladi. Odam savdosi qurboni bo‘lganlar, og‘ir ahvolda qolganlarga esa hamkorlarimiz bilan birgalikda vataniga va xavfsiz sharoitga qaytishda ko‘maklashishni maqsad qilganmiz.

— USAID`ning O‘zbekiston bo‘yicha kelgusi yillardagi rejalari qanday? Hukumat yoki jamoatchilik e’tiborini qaratmoqchi bo‘lgan sohalaringiz bormi?

— Biz prezident tomonidagi ilgari surilgan islohot dasturini qiziqish bilan kuzatyapmiz va ushbu islohot dasturiga yordam berish va qo‘llab-quvvatlashni juda xohlaymiz. Bu islohotlar mamlakatning barcha maqsad va ambitsiyalarini hamda uning kelajakdagi rivojlanish yo‘lini belgilab beradi.

Shuning uchun biz hukumat bilan qo‘lni qo‘lga bergan holda qilib kelayotgan ishlarimizni yanada jadallashtirmoqchimiz. Shuningdek, mintaqa bo‘ylab savdo va aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, bu juda muhim, ayniqsa, inqiroz sharoitida.

Rossiyaning kutilmaganda Ukrainaga bostirib kirishi shunday sharoitni yuzaga keltirdiki, mamlakat barqaror bo‘lmagan vaziyatga tushib qoldi. Biz mamlakat o‘sishi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlayotganimizga ishonch hosil qilishni xohlaymiz, davlat mustaqil qolishi va o‘zini o‘zi ta’minlashi uchun uning ichida yetarli resurslar bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham xususiy sektorni rivojlantirish juda muhim va biz bunga e’tibor qaratyapmiz.

Demokratiya va qonun ustuvorligi ham sud tizimi islohotlarini amalga oshirish doirasidagi ishlarimizda muhim sanaladi. Bu borada Adliya vazirligi bilan yaqindan ishlayapmiz. Umuman, mamlakatning barcha asosiy vazirliklari bilan ajoyib hamkorlikka egamiz. Mamlakat islohotlar bo‘yicha o‘zining ulkan dasturini amalga oshirishda oldinga siljir ekan, vazirliklarga ham o‘zining asosiy vazifalarini amalga oshirishda yordam berish bizning kelgusi yillardagi asosiy maqsadimizdir.

— Sizning mandatingiz Janubiy va Markaziy Osiyoni o‘z ichiga oladi. USAID`ning Markaziy Osiyo bo‘yicha hamkorligi qaysi sohalarda o‘xshash va qaysilarida bir-biridan farq qiladi? Shuningdek, sizda butun mintaqani qamrab oladigan loyihalar ham bor. Bular qanday loyihalar va ular nima uchun muhim?

— Janubiy va Markaziy Osiyoning madaniyatimizdan tashqari ham boshqa o‘xshash jihatlari ko‘p. Misol uchun, men o‘zbek tilida bizda ishlatiladigan so‘zlarni uchrataman, o‘zbekcha raqslar ham biznikiga o‘xshab ketadi. Madaniyatlarimizda bir-birini qadrlash va tushunish bor.

Shuningdek, rivojlanishda Janubiy va Markaziy Osiyoning har ikkisiga birdek taalluqli bo‘lgan belgilar ham mavjud, deb o‘ylayman. Iqtisodiy o‘sish shulardan biridir. Men borgan barcha mamlakatlarda iqtisodiy omillarga e’tibor qaratishni va bu orqali mamlakatini yuksaltirishni, xalq daromadini oshirishni, ularga ko‘proq imkoniyat berishni va odamlar mamlakatni tark etmasligini istashadi. Ularning barchasi iste’dodlarni o‘zlarida saqlab qolishni xohlaydi.

Xo‘sh, bu imkoniyatlarni qanday yaratamiz? Markaziy Osiyo, O‘zbekiston, shuningdek, Janubiy Osiyoda yoshlarning ko‘payib borayotganini kuzatib turibmiz. Xo‘sh, biz yoshlarning ehtiyojlarini qanday qilib qondiramiz? Qanday qilib ularga hozirgi avloddan ko‘ra farovonroq hayot qurish uchun imkoniyatlarni yaratishimiz mumkin?

Hozirda iqlim o‘zgarishi haqiqatan ham butun dunyo bo‘ylab ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib turibdi. Janubiy va Markaziy Osiyo suv bo‘yicha muammolarga uchramoqda. Bu muammo barchaga taalluqli. Barchamiz infratuzilmaga ta’sir qiladigan iqlim o‘zgarishi muammolariga ro‘baro‘ keldik. Bu — asosiy masalalardan biri.

Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi masalasini ham ko‘rib chiqishimiz darkor, biz kovid davridagi muammolarga yana duch kelmaslikni xohlaymiz.

— Siz turli mintaqa, tashkilotlar va sektorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritdingiz va ko‘plab yosh ayollar uchun namuna hisoblanasiz. Karerangizda sizga nima yordam berdi? Yosh o‘zbek ayollariga hayotdagi maqsadlariga erishish uchun qanday maslahat berolasiz?

— Bu juda muhim savol deb o‘ylayman. Ayollar, ayniqsa, yosh qizlar o‘z oldiga qo‘ygan har qanday maqsadni amalga oshirishga qodir ekanini anglashi kerak. Shaxsan men oilamning yordami tufayli muvaffaqiyatga erishganman.

Aytmoqchimanki, oilaning o‘rni juda muhim. Ota-onalarning yosh qizlarning o‘qishi, ambitsiyali karera yo‘lini tanlashi, dunyo muammolarini hal qila olishini anglashida qo‘shadigan hissasi beqiyos. Bu muammolarni hal qilishda ular muhandis bo‘lishni xohlaydimi, huquqshunos yo shifokormi: farqi yo‘q. Hamma ish ularning qo‘lidan keladi.

Oiladagi muhit bu tushunchalarni mustahkamlash uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi. Oilam meni juda ko‘p qo‘llab-quvvatlagan, ular menga xohlagan kasb egasi bo‘lishim mumkinligini aytgan. O‘sha paytda nimaga qiziqishim borligini aniqlashim uchun atrofimdagi muhitni tushunish va o‘rganishga imkonim bor edi.

Men har bir yosh o‘zbek qizi va yigiti uchun ham barcha imkoniyatlar ochiq bo‘lishini istardim. O‘ylaymanki, O‘zbekiston hukumatining maqsadi ham shu imkoniyatni taqdim etish hisoblanadi. USAID dasturlari ham shunga erishishga qaratilgan. Ayollar va qizlarga aytar so‘zim shuki, barcha maqsadlaringizga erisha olasiz, hamma narsaning iloji bor.

usaid, анжали каuр, ақш, интервью, o‘zbekистон

Bolalarimiz muvaffaqiyatli hamda barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun oila, qishloq va jamoaning qo‘llovi kerak. Menimcha, bu har bir davlat, ayniqsa, O‘zbekiston uchun muhim.

— Oxirgi savol. Men Abxijit Banerji va Ester Dyufloning Poor Economics va Good Economics for Hard Times kitoblarini o‘qigandim. O‘ylaymanki, Hindiston va O‘zbekistonda gender muammolari bo‘yicha o‘xshash jihatlar mavjud. Bu muammo mamlakat iqtisodiga juda bog‘liq, chunki oilada siz boy bo‘lmasangiz, qizingiz va o‘g‘lingizga hamma narsada teng imkoniyat berolmaysiz. Bu borada qanday fikrdasiz?

— Men bu yerda hukumat muhim rol o‘ynaydi deb o‘ylayman. Chunki mamlakatingizdagi barcha odamlar ta’lim bo‘ladimi, sog‘liqni saqlash xizmatlari bo‘ladimi — eng asosiy xizmatlardan teng huquqli foydalanish imkoniyatiga egaligiga ishonch hosil qilishingiz lozim.

Men hukumat har bir xonadondagi o‘g‘il bola ham, qiz bola ham yaqin atrofdagi yaxshi o‘qituvchilari, o‘quv dasturi bor maktabga borishi, u yerni bitirib esa ishga joylasha olishi uchun mas’ul deb hisoblayman.

Keyingi galda esa bitiruvchi o‘quvchilarga ish o‘rinlari mavjudligiga ishonch hosil qilish uchun xususiy sektor ham mas’ul. Shuning uchun ham men buni o‘zaro bog‘liq bir yaxlit narsa sifatida ko‘raman. To‘g‘ri, hammaning bu jarayonda o‘z roli bor. Hukumat buning markazida turadi va biz u o‘zining eng asosiy vazifasini bajarishiga, bu xizmatlarni ta’minlashiga bog‘liqmiz.

Ammo fuqarolar ham hukumatdan hisobdorlik so‘rashda rol o‘ynaydi. Siz o‘zingizga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlarni talab qilishingiz va so‘rashingiz kerak. Xizmatlar sizning ehtiyojingizga javob berishiga, keyin esa bu makonda yashashingiz uchun xavfsiz muhit mavjudligiga ishonch hosil qilishingiz lozim.

Iqtisodingiz bu jarayonda har bir fuqaro ishtirok etsagina o‘sishi mumkin. Mamlakat uchun eng katta kapital resursi uning inson resurslari — odamlaringiz hisoblanadi. Agar aholingizning faqat yarmi faol bo‘lsa, masalan, ayollar ishlamasa, iqtisodiyotingizning 50 foizini yo‘qotayotgan bo‘lasiz.

Shuning uchun ham o‘g‘il va qiz bolalar, erkaklar va ayollarda bir xil xizmatlardan teng foydalanish imkoniyati bo‘lishidan hamma manfaatdor bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham bizning barcha ishlarimizda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, teng huquqlilikni ta’minlash nazarda tutiladi. Chunki biz qanday xizmat yoki dastur bo‘lmasin, unda teng imkoniyatlar bo‘lishi kerak, har bir fuqaro muhim degan tamoyilni o‘rnatishni istaymiz.

Bu esa mamlakatga nafaqat hozir foyda keltiradi, balki kelajak avlodlar ham bundan manfaatdor bo‘ladi. Bu madaniyat, iqtisodiyot, o‘sish va rivojlanish uchun foydali bo‘ladi. Shuningdek, bu dunyoqarashni ham rivojlantiradi.

Butun dunyo mamlakatda ayol va erkaklar teng huquqqa ega ekanini, hukumatda har birining o‘z ovozi borligini ko‘rsa, mamlakat savdo uchun ham jozibador bo‘ladi. Chunki siz muvozanatli hukumatni, mamlakatni, fuqarolarni ko‘rasiz, bu esa barqarorlikka har qachongidan ham ko‘proq ishontiradi.

Bular — oddiy omillar. Biz ba’zan ular haqida unutib qo‘yamiz va formulalar hamda nima qilishimiz kerakligi haqida murakkab fikrlarga berilib ketamiz. Biz amalga oshirayotgan barcha ishlarimizda tenglik va xolislik tamoyilini hisobga olamiz.

Bahodir Abdullayev suhbatlashdi.