O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi birinchi yarim yillikdagi budjet ijrosi bo‘yicha hisobotida ayrim davlat kompaniyalari zararini qoplash uchun davlat budjetidan qancha mablag‘ ajratilayotgani haqida ma’lum qildi.

Avval xabar berganimizdek, 2023-yilning olti oyida davlat budjeti daromadlari 102,3 trillion so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,1 foizga ko‘p) tashkil etdi, xarajatlari 129,1 trillion so‘mdan oshdi (+25,3 foiz). Ya’ni, davlat xarajatlari daromadlardan ikki baravar tez o‘sib bormoqda. budjet taqchilligi 27,4 trillion so‘mni (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,83 foiz) tashkil etdi.

Yanvar-iyun oylari davomida ichki bozorda gazni ulgurji sotib olish va sotishga ixtisoslashgan UzGasTrade aksiyadorlik jamiyatining yo‘qotishlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish uchun olti oy davomida 8,8 trillion so‘m yo‘naltirildi. Gap tabiiy gazni bozor narxida sotib olish va ichki bozorda tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha sotishda yuzaga kelgan farqni qoplash haqida bormoqda.

davlat budjeti, gaz, issiqlik ta’minoti

Eslatib o‘tamiz, ushbu sxema tufayli O‘zbekiston Koreya Respublikasidan 1 milliard dollar qarzdor. O‘zbekistonning gaz ishlab chiqaruvchi boshqa xorijiy kompaniyalardan ham qarzi bor. Joriy yilda yo‘qotishlarni qoplash uchun jami 14,2 trillion so‘m ajratilgan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish xarajatlari 492,9 milliard so‘mdan 1,04 trillion so‘mgacha oshgan. Xususan, issiqlik ta’minoti korxonalarining aholiga issiqlik ta’minoti uchun arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanilishi oqibatida ko‘rgan zararlarini qoplashga 901,9 milliard so‘m yo‘naltirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga (306,8 milliard) nisbatan qariyb uch barobar ko‘pdir. Ushbu summaning 92 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi, bunda yo‘qotishlar 3,5 barobarga — 240,1 milliard so‘mdan 823,1 milliard so‘mgacha oshgan.

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga Toshkent shahrida yo‘lovchilarni imtiyozli tariflar bo‘yicha tashishda ko‘rilgan zararni qoplash uchun budjetdan 220,9 milliard so‘m ajratildi.

Toshkent metropolitenining arzon tariflar tufayli ko‘rgan zarari 96,7 milliard so‘mni tashkil etdi.

Davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash uchun 294,6 milliard so‘m ajratildi.