Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sentabr oyi boshidan to‘lov tizimlari uchun transchegaraviy operatsiyalarni amalga oshirishga taqiq joriy etilganining sababini tushuntirdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning qayd etishicha, tartibga soluvchi organ to‘lov tashkilotlariga O‘zbekiston hududida operatsiyalarni amalga oshirish uchun litsenziyalar bergan, ya’ni ular uchun transchegaraviy operatsiyalar nolitsenzion faoliyat hisoblanadi.

“Men sizga nima uchun bunga ko‘z yumib kelganimiz, keyin esa shunday qaror qabul qilishimizga to‘g‘ri kelganini tushuntiraman. Avvalo, [to‘lov tashkilotlari] migrantlarning mablag‘lari o‘tkazilayotganini aytishdi — bo‘lmagan gap. Men buni to‘g‘ri ma’noda aytyapman. To‘lov tashkilotlarining [migrantlardan] pul o‘tkazmalardagi ulushi 1 foizni ham tashkil etmaydi”, — dedi Markaziy bank raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov tizimlari mijozlar nomidan konvertatsiya bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshira boshlagan.

“Ya'ni, masalan, siz Rossiyaning qayeridandir rublda pul o‘tkazmasini amalga oshirasiz, to‘lov tashkiloti esa buni bu yerda eksport daromadi sifatida qayd etadi. Qanaqa eksport operatsiyalari? Ular sizga xizmat ko‘rsatadi va tegishli komissiyani oladi. Ular pulni bu yerga o‘tkazadi-da, birjada konvertatsiya qilib, bu pulni boshqa uchinchi davlatlarga jo‘natadi”, — dedi Mamarizo Nurmuratov. U joriy qilingan choralardan maqsad jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish ekanini alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, to‘lov tashkiloti pul jo‘natuvchi va oluvchining kim ekaniga aniqlik kiritmaydi, dedi u.

“Biz nima qilishimiz kerak edi? Bu valyuta qonunchiligini va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishga doir qonunchilikni buzish hisoblanadi”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank boshqa mamlakatlarning tartibga soluvchi organlari, shuningdek, O‘zbekistonga shubhali operatsiyalar to‘g‘risida xabar bergan moliyaviy monitoring tashkilotlari bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

5-sentabrdan boshlab to‘lov xizmatlari Markaziy bank talabiga binoan xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi. Mamlakat banklari bu qarorni qo‘llab-quvvatladi va u “moliyaviy tizim va fintex bozorini risklardan, jumladan, sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlardan himoya qilishga qaratilgan”, deya qayd etdi.

Keyinroq Markaziy bank bunga izoh berib, to‘lov tashkilotlari o‘tkazmalarni tashqi savdo operatsiyasi sifatida qayd etgani va pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchi va oluvchi tomon to‘g‘risida zarur ma’lumotlarni aks ettirmaganini ma’lum qildi. Regulyator fuqarolarga xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish uchun bank xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qildi.