Farg‘onada PPX xodimi bolali ayolni tepgani aks etgan video tarqalgani va IIV vaziyatni o‘rganayotgani xabar qilingandi. Viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, xodim lavozimidan bo‘shatildi.

Qayd etilishicha, voqea 18-sentabr kuni post-patrul xizmati xodimlari Farg‘ona shahri Islom Karimov hamda Quvasoy ko‘chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

“Videotasvirdagi ayol tilanchilik bilan shug‘ullanayotgani uchun u bilan profilaktik suhbat o‘tkazish maqsadida ayoldan yo‘lning qatnov qismidan chetga chiqishi so‘ralgan. Bundan ayolning jahli chiqib, xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan. Ayolni IIBga olib ketmoqchi bo‘lganda qo‘lidagi yosh bolasini yerga tashlab yubormoqchi bo‘lgan payt xodimlar tomonidan ushlab qolingan”, — deyiladi IIB xabarida.

Boshqarma xodimning keyingi xatti-harakatlari “jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgani”ni ta’kidladi.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, “kasb odobi va etikasiga amal qilmay, noo‘rin harakatlar sodir qilgan” PPX xodimi lavozimidan bo‘shatildi.

Viloyat IIB barcha shaxsiy tarkibi yuqoridagi kabi xarakatlarni sodir etmasliklari yuzasidan qat’iy ogohlantirildi, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188−3-moddasi (Tilanchilik qilish) 2-qismiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish bazaviy hisoblash miqdori (BHM, u hozirda 330 ming so‘m)ning 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.