Uzbekistan Vision 2030 jamg‘armasi O‘zbekistonda oldini olish mumkin bo‘lgan onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘limini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 43,5 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratishini e’lon qildi. Bu haqda BMTning mamlakatdagi vakolatxonasi saytida xabar berildi.

BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘ptomonlama trast jamg‘armasi 2022-yil yozida Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi jinoiy ish jarayonida musodara qilingan aktivlarini qaytarish uchun tashkil etilgan. O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston va Shveysariya jamg‘arma orqali 131 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Olingan mablag‘lar O‘zbekiston hukumatining islohotlar dasturini amalga oshirishni jadallashtirish va mamlakatda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

“Aktivlarni kelib chiqqan mamlakatlarga qaytarish BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining asosiy tamoyilidir. O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi restitusiya to‘g‘risidagi bitim natijasida ochilgan jamg‘arma aktivlarni Barqaror rivojlanish maqsadlari aniq yutuqlariga aylantirishi bevosita O‘zbekiston fuqarolari hayotini yaxshilashga imkon beradi. BMTning ushbu loyihasi o‘ttiz oy ichida mamlakatda 600 000 nafar ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni qamrab oladi”, — dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Bryus.

BMT vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi dastur uchta agentlik: UNICEF, UNFPA va JSST tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadlaridan biri kam vaznli chaqaloqlarning omon qolish darajasini hozirgi 75 foizdan 90 foizga oshirishdir.

Dastur uchta yo‘nalishdan iborat:

  • 227 ta perinatal markazlarni boshqarish mexanizmlari, yondashuvlari, yo‘riqnomalari va klinik protokollarini mustahkamlash;
  • perinatal markazlarning sifatli inklyuziv sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini zarur jihozlarni xarid qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish orqali takomillashtirish;
  • 10 millionga yaqin O‘zbekiston xalqiga, onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarga salomatligini muhofaza qilish uchun sifatli va inklyuziv, reproduktiv xizmatlarini talab qilish uchun bilimlar berish.

“O‘zbekiston fuqarolari joylarda zamonaviy jihozlangan va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mavjud perinatal markazlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishining ijobiy ta’sirini bevosita his qilishadi. Bu hamkorlik O‘zbekiston hukumatining sezilarli islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan siyosati davomidir. Biz chaqaloqlar o‘limini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha hukumat strategiyasiga erishishga yordam beradigan ushbu transformativ tashabbusda BMT va Shveysariya hukumati bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, — dedi Moliya va iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.