O‘zbekiston Markaziy banki 18-sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valyuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda. Bu haqdagi qaror Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 15-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, so‘ngra tartibga soluvchi organ rahbariyati tomonidan qabul qilingan. “Gazeta.uz”ga ma’lumotni bank sohasidagi bir nechta mustaqil manbalar tasdiqladi.

Xususan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning chet el valyutasini sotib olish va valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq amaliyotlari faqat asosiy hisobvaraq ochilgan banklar orqali o‘tkazilishi kerak.

Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga xorijiy valyutani sotish operatsiyalarini har bir bankda tashkil etilgan tarkibiy bo‘linmalar (rais o‘rinbosari rahbarligida ekspertlik guruhlari) xulosalari asosida amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Shuningdek, mijozlarning asosiy hisobvaraqlaridan valyuta konvertatsiyasini qilish maqsadida milliy valyutadagi mablag‘larni boshqa banklardagi ikkilamchi hisobvaraqlariga o‘tkazish ham taqiqlanadi.

Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar — mijozlarning boshqa banklarda ochilgan va boshqa bank mijozlariga banklarda ochilgan ikkilamchi maxsus valyuta hisobvaraqlari yopiladi. Boshqacha qilib aytganda, mijozlar boshqa banklardagi maxsus hisobvaraqlarini yopishi, faqat bitta hisob raqamiga ega bo‘lishi, ya’ni konvertatsiyani faqat bitta bank orqali amalga oshirishi kerak.

Konvertatsiya qilish uchun sotib olingan valyutaning mamlakat ichida buxgalteriya hisobi va harakatini yuritish uchun maxsus valyuta hisobvaraqlaridan foydalaniladi. Maxsus hisobvaraqdan konvertatsiya qilingan valyuta shartnoma bo‘yicha import uchun to‘lanishi yoki konvertatsiya qilishdan ko‘zlangan boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin. Eksport yoki boshqa daromadlar bo‘yicha (nizom, qarz) erkin valyuta joriy valyuta hisobvaraqlariga tushadi.

Bundan tashqari, qanoatlantirilgan buyurtmalar bo‘yicha operatsiyalarni valyuta sotib olingan kundan e’tiboran yetti ish kunida yakunlashga ruxsat beriladi. Hozirda bu jarayon taxminan bir kun davom etadi.

Manbalarning tushuntirishicha, gap mijozning sotib olingan chet el valyutasidan mablag‘lar maxsus valyuta hisobvarag‘iga tushgan paytdan boshlab yetti kun ichida foydalanish majburiyati haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin (bunday bandlar allaqachon ba’zi banklarning shartnomalarida mavjud).

Barcha tijorat banklari rahbarlari mazkur talablarga rioya etilmagan takdirda bankga nisbatan valyuta operatsiyalarini amalga oshirishga doir cheklovlar o‘rnatitilishi hamda respublika valyuta birjasi savdolarida ishtirok etishini cheklash va boshqa tegishli choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.

“Gazeta.uz” yangi talablarga tushuntirish olish uchun Markaziy bankka so‘rov yubordi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshidan buyon milliy valyuta 8 foizga (butun 2022-yil uchun — 4 foizdan kam) qadrsizlandi — 11 246 so‘mdan 12 154 so‘mgacha. 10-avgust kuni pul o‘tkazmalari va eksportdan tushadigan valyuta tushumlarining qisqarishi fonida dollar darhol 400 so‘mga mustahkamlandi. Oltin-valyuta zaxiralari esa yil boshidan buyon 3 mlrd dollarga kamaydi.