Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tumani sudida may oyida 12 yoshli maktab o‘quvchisini Matiz mashinasida urib o‘ldirgan haydovchiga hukm o‘qildi.

Haydovchi tezlikni oshirib, 30 km/soat tezlik belgilangan hududda 70 km/soat tezlikda harakatlanib, qizni urib yuborgan. Sudlanuvchining aytishicha, uning o‘g‘li o‘zini yomon his qilgan, u esa “Vatan” chorrahasidan o‘tib ketayotib, tezlikni oshirgan.

“Xayolim ko‘tarilib, yo‘ldan o‘tgan odamni ko‘rmay qoldim. Qizni urib yuborganimdan keyin shifoxonaga olib bordim. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi, oradan bir soat o‘tib, qiz vafot etgani haqida xabar berishdi”, — dedi haydovchi.

Ma’lum bo‘lishicha, mashina haydovchiga tegishli emas, u do‘stining mashinasini kerakli hujjatlarsiz boshqargan.

Sud haydovchini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq O‘zbekiston hududida 2023-yilning 7 oyida 4772 ta YTH qayd etilgani, ularda 1115 kishi vafot etgani, 4564 nafari tan jarohatlari olgani haqida yozgandik. Joriy yilning birinchi yarmi va o‘tgan yilning birinchi yarmidagi yo‘l-transport hodisalari va ulardan jabrlanganlar soni solishtirilsa, raqamlar mos ravishda 12 va 11,3 foizga o‘sgan.

O‘zbekistondagi YTHlarning qariyb yarmi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq. Shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilar qanday jazolanayotganiga haqidagi savolga javob topish maqsadida “Gazeta.uz” avgust oyida udlarning tasodifiy 50 ta qarorini o‘rgangan. Bunda piyoda o‘limi uchun biror-bir haydovchi qamalmagani oydinlashgan.