Shavkat Mirziyoyev 11-sentabrda imzolagan qarori bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqladi.

Qaror bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

  • maktablarda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslarini joriy etish;
  • 5 ming nafargacha professor-o‘qituvchilarni tajriba almashish uchun, 200 nafargacha yosh olimlarni ilmiy daraja olish uchun tanlov asosida xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish;
  • Buxoro shahrida Jadidlar muzeyini tashkil qilish.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

  • davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi;
  • Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlansin, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi;
  • banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi 10-sinf o‘quvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi. Bunda, dastlabki bosqichda ushbu tartib zarur kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy etiladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi. Bunda, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari “tayanch maktablar” tomonidan yangi ta’lim dasturlari, dars o‘tishning ilg‘or metodikalari va o‘quvchi bilimini baholashning zamonaviy usullariga o‘rgatiladi.