Kompromatuzb ishi doirasida sudlanayotgan jurnalistlar Xurshid Daliyev, Mavjuda Mirzayeva va Siyovush Hoshimov ishida taraflar muzokaralarini boshlashdi, deya xabar berdi “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi Mavjuda Mirzayevaga nisbatan ishda davlat ayblovchisi sifatida ishtirok etayotgan Shayxontohur tumani prokurorining katta yordamchisi Berdiqilicheva uni 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish va uch yilga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlashni so‘ragan.

“Sudning ish kuni nihoyasiga yetgani uchun prokuror muzokarani chala qoldirishga majbur bo‘ldi. Ya’ni, Mirzayeva bu jazoni qanday tartibdagi koloniyada, qay tarzda o‘tkazishiga oid masala ham keyingi sud majlisida hal qilinadi. Shuningdek, boshqa jurnalistlarga ham qonun tartibida jazo belgilash prokuror tomonidan so‘raladi, gal advokatlarga keladi. Demak, taxminimizcha keyingi haftada Kompromatuzb ishi nihoyasiga yetsa kerak”, — deb yozdi Tashanov.

Avvalroq Kompromatuzb ishi bo‘yicha sud yopiq tarzda ko‘rilishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, ish bo‘yicha sudlanuvchilar jurnalist va Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot kotibi Siyovush Hoshimovlar hisoblanadi. Shuningdek, ushbu ishga fuqaro Ahmadullo Ahmadjonovning ham aloqasi borligi aytilmoqda. Mavjuda Mirzayeva 2023-yil yanvar oyida hibsga olingandi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ushbu ishda 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar ishtirok etib, 5 mlrd 140 mln so‘mlik zarar yetkazilgan. Ular orasida sobiq bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Nozim Xusanov (aprel oyida lavozimidan ketgan), mart oyida hibsga olingan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sobiq direktori Afzal Ermatov, Davlat veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov, Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirzo Sharipov, CIBGROUP kompaniyasi direktorlari Uyg‘un Tursunxo‘jayev va boshqalar bor.