5-sentabrdan Oson to‘lov tashkiloti xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘xtatdi. Bu haqda dushanba kuni kechqurun xizmat o‘zining mobil ilovasi orqali xabar berdi.

“Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Xizmat ishi yaqin vaqtda tiklanadi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, PayWay to‘lov platformasi ham barcha xalqaro yo‘nalishlarda, shu jumladan, Rossiyadan va Rossiyaga pul o‘tkazmalari vaqtincha ishlamasligi haqida e’lon berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur yo‘nalishlarni vaqtinchalik o‘chirib qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Ilovamizda mamlakat ichidagi to‘lovlar, Uzcard va Humo o‘rtasida pul o‘tkazmalari, shuningdek, kommunal, davlat, aloqa hamda internet xizmatlari uchun to‘lovlar ishlashda davom etadi”, — deyiladi xabarda.

5-avgust kuni kechqurun Oson “kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra” xizmat Uzcard va Humo tizimlaridan vaqtinchalik uzilganini xabar qilgandi. Nosozliklar bartaraf etilgani haqida 7-avgust kuni kunduzi e’lon berilgan. Oson bosh direktori Farhod Mahmudovning Spot nashriga bergan intervyusida xizmat “hech qachon firibgarlik bilan bog‘liq tekshiruvlar ro‘yxatida bo‘lmaganini” ta’kidlangan.

Avgust oyi oxirida O‘zbekiston Markaziy banki Brio Group (Oson brendi) to‘lov tashkilotini jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgani uchun jarimaga tortgani ma’lum bo‘ldi.

Kompaniya jarimaga izoh berib, O‘zbekistonning ellikdan ortiq moliya-texnologiyalari tashkilotlari Markaziy bankdan 5-sentabrdan boshlab davlatlararo transchegaraviy tranzit operatsiyalari taqiqlanishi to‘g‘risida xat olganini ma’lum qildi. Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, o‘yin servislari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar hamda bir qator boshqa operatsiyalarni amalga oshirish to‘xtatilishini anglatadi.

“5-sentabrdan biz va barcha to‘lov tashkilotlariga hamma xalqaro servislarni o‘chirish majburiyatini yuklashyapti. Jahon miqyosidagi yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarimiz bor. Bundan kelib chiqadiki, biz regulyator bozorni yopib qo‘yayotganiga asoslanib, barcha kelishuvlarni bir tomonlama bekor qilishimiz kerak”, — dedi Farhod Mahmudov.

Oson xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. “Gazeta.uz” suhbatdoshi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ilovadan O‘zbekistonga pul o‘tkazish uchun Rossiyadagi ko‘plab mehnat migrantlari foydalanadi.