Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat budjetining kunlik daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yana e’lon qila boshladi.

“Gazeta.uz” avvalroq 2023-yilning 1-yanvaridan 13-yanvariga qadar davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 2,3 barobar oshib ketgani, buning natijasida taqchillik 5,5 trln so‘mga yetgani haqida xabar bergandi. Bu 2023-yilda rejalashtirilgan taqchillikning beshdan bir qismidan ko‘proq hisoblanadi (25,1 trln so‘m, gap davlat budjeti haqida ketmoqda, konsolidatsiyalashgan budjet haqida emas). Shuningdek, bu ko‘rsatkich 2021-yilning shu davriga nisbatan 17,4 barobar ko‘p (2020-yildagidan 20,4 baravar). Yanvar oyining o‘rtalaridan boshlab vazirlik kamida 2019-yildan beri e’lon qilib kelinayotgan budjet daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishni to‘xtatdi.

28-avgust kungi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat budjeti xarajatlari 3 trln 250 mlrd so‘mni tashkil etdi va bu daromadlariga nisbatan 456 mlrd so‘mga yoki 7 barobar ko‘p hisoblanadi. 29-avgust kuni daromadlar 1,58 trln so‘m, xarajatlar 1,32 trln so‘mga yetdi. Xarajatlarning keskin o‘sishi pensiya va nafaqalarning Mustaqillik bayrami oldidan to‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘ fuqarolarning kartalariga 29−31-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov birinchi yarimyillikda O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari daromadlaridan 29 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) ko‘proq bo‘lganini ma’lum qilgandi. 2023-yil yakuniga ko‘ra profitsit prognoz qilinganiga qaramay, defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov budjet taqchilligi haqida so‘ralganda aniq miqdorni aytmagan, biroq bu limitdan “biroz yuqori” ekanini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichning o‘sishi gaz importining ortishi bilan bog‘liq, vaholanki, birinchi olti oyda O‘zbekiston atigi 200 million dollarga gaz import qilgan (bu 2,5 mlrd dollarlik defitsitdan ancha kam).

Avval xabar berganimizdek, prezident qarori loyihasi bilan 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining maksimal chegarasini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan 5 foizga yoki 53,4 trln so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda. Agar hukumat yana xarajatlar chegarasidan o‘tib ketsa bu davlat xarajatlarining yana 1,8 mlrd dollarga oshishiga olib keladi.