Salom Ismatovich Samadovga Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Salom Samadov 2023-yil fevral oyidan buyon bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

U 1963-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 1990-yilda Xarkov yuridik institutini tamomlagan. Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1990-yilda Buxoro viloyati Fayzullo Xo‘jayev tumani prokuraturasida boshlagan. Buxoro va Navoiy viloyatlari prokuraturalari organlarida turli lavozimlarda, 2005-yildan boshlab Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Xatirchi va Karmana tumanlari prokurori, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokurori, O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U 2017−2018-yillarda bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018-yil oktabrdan 2022-yil avgustiga qadar Toshkent viloyati prokurori bo‘lgan, so‘ngra Qashqadaryo viloyati prokurori lavozimiga o‘tgan.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi 2022-yilning kuzida Bosh prokuratura akademiyasi negizida tashkil etilgan. Transformatsiyadan oldin uni Yevgeniy Kolenko boshqargan, keyin u akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan va shu paytgacha rahbarlik qilib kelayotgandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.