2024-yildan sertifikatsiyadan o‘tgan direktorlar oyligini 50 foizga, o‘rinbosarlar ish haqini esa 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda shunday topshiriq berdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi.

Direktorlar va o‘rinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan o‘tadi. Sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinadi.

Ta’kidlanishicha, endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli kontrakt asosida ishga olinadi.

Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklariga maoshlarni oshirish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.

Maktab direktorlarini sertifikatsiyadan o‘tkazish va shu tizim orqali lavozimga nomzodlarni tanlab olish haqida prezident 2022-yilning aprelida topshiriq bergandi. 2021-yil 1-yanvardan esa maktab direktorlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish xalq deputatlari Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirila boshladi.

Yig‘ilishda shuningdek, joriy yilda direktorlikka nomzodlarni o‘qitish va bilimini baholashni amalga oshiruvchi “Direktorlar maktabi” tashkil qilingani aytildi.

“Maktabda ta’lim jarayonlari Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa nufuzli xorijiy hamkorlar tajribasi asosida yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Pedagoglarni maqsadli tayyorlash

Yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilidan kadrlar yetishmaydigan, og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinishi belgilandi.

Ya’ni, kelgusi yillardagi talabni hozirdan aniqlab, zarur mutaxassisliklar bo‘yicha muallimlarni oldindan tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Maqsadli buyurtma asosida o‘qituvchilarni tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi. Kelgusi o‘quv yili uchun pedagogika oliygohlarining qabul kvotalarini belgilashda ushbu yangi tartib nazarda tutiladi. Maktab ta’limida boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi.

Mazkur yig‘ilishda prezident 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetgani, 10 mln so‘mdan yuqori oylik olayotganlar soni esa ming nafardan oshganini ma’lum qilgandi. “Bu ham yaxshi, lekin bu juda kam”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Qolaversa, davlat rahbari O‘zbekiston maktablarida yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqarishini ta’kidlagandi. 10−11 sinf o‘quvchilari uchun esa qaysi oliygohga kirishiga qarab, tegishli fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi. Kasb-hunar ham maktabning o‘zida o‘rgatila boshlanadi.