O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining 60 foizdan ortig‘i qishki mavsumda dars mashg‘ulotlarini kurtka va bosh kiyimlarda o‘tkazadi, chunki sinfxonalar sifatsiz ko‘mirda isitiladi. Sinfxonalari ko‘mirda isitiladigan har bir maktabda amaldagidan 10−15 barobar ko‘proq ko‘mir yoqila boshlasagina, bolalar yengil kiyimda o‘tirishlari mumkin, biroq u holda tutundan nafas olishlariga to‘g‘ri keladi.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 19-sonli maktab — O‘zbekistondagi ko‘mir yordamida isitiladigan 6700 dan ortiq qishloq maktablaridan biri. Ta’lim muassasasi uchun yiliga 70 tonna mahalliy ko‘mir olinadi. Shuncha ko‘mirning kamida uchdan biri changdan iborat. O‘qituvchilar va o‘quvchilar qishda darslarda kurtka, bosh kiyim va qo‘lqoplarini yechib qatnasha olishlari uchun isitish tizimini modernizatsiya qilish masalasida yordam so‘rab, O‘zbekistondagi Global ekologik fond (GEF)ning Kichik grantlar dasturi (KGD)ga murojaat qilgan.

“Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva GEF KGD jamoasi bilan birga Sirdaryodagi maktabda bo‘lib, ko‘mirdan foydalangan holda xonalarda havo haroratini ko‘tarish mumkin yoki yo‘qligi, nima uchun bu yomon qaror ekanligi hamda bolalar energetika sohasidagi blekautlar va favqulodda uzilishlar davrida issiq xonalarda o‘qishi mumkinmi yoki yo‘qligini o‘rgandi.

Qishloq maktablari qanday isitilmoqda?

“Biz uchun qish har yili og‘ir kechadi”, — deydi Dilshoda Omonova 2022−2023-yillarda kuzatilgan anomal sovuq qish to‘g‘risidagi savolimga javob berarkan.

U Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-sonli maktabda rus tili va adabiyoti fanidan dars beradi. Bu yerda 425 bola tahsil oladi. O‘zbekistonning boshqa qishloq maktablarida tahsil olayotgan 3 milliondan ziyod o‘quvchilar qatori ular ham har yili qishda bir xil amaliyotni takrorlaydi — dars mashg‘ulotlarini ekstremal sharoitlarda o‘tkazadi.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

19-maktab direktori Muhtaram Xasanova (o‘ngdan birinchi) hamda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Dilshoda Omonova (o‘rtada).

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan sanitariya qoidalari va me’yorlariga (SanQM) muvofiq, sinfxonalarda havo harorati kamida 18−20 daraja iliq bo‘lishi lozim. Biroq o‘quv yilining asosiy qismini tashkil etuvchi qish mavsumida qishloq maktablarining xonalarida havo harorati me’yordagidan sezilarli darajada past bo‘ladi.

“Qishda dars mashg‘ulotlarini paltoda emas, koftada o‘tkazish — shunchaki orzu, — deydi Dilshoda opa. — Ba’zida [havo] shunchalik sovuqki, bolalar qo‘lqoplarda o‘tirishadi”.

Ta’lim muassasasi binosida 27 ta xona mavjud. Ularni isitish uchun davlat har yili ma’muriyatga 70 tonna ko‘mir ajratadi, shundan kamida 25 tonnasi — chang. 2021−2022-yilgi isitish mavsumida ta’lim muassasasi uchun atigi 54 tonna yoqilg‘i olingan, biroq uning yarmidan ko‘pi foydalanishga yaroqsiz bo‘lib chiqqan.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

19-sonli maktabga 2022−2023-yilgi isitish mavsumi uchun yetkazib berilgan ko‘mir. Foto: sgp.uz.

Maktablar uchun ajratiladigan O‘zbekiston ko‘mirining energetik qiymati atigi 2000−3500 kkal / kg ni tashkil etishi isitish bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu Rossiyadan yoki Qozog‘iston ko‘mirining energetik qiymatidan ikki baravar kam.

GEF KGDning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Aleksey Volkovning qayd etishicha, Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin maktablarning isitish tizimi bitta markaziy qozonxonadan iborat edi. Mazkur qozonxonada ko‘mir bilan ishlaydigan qozonlarda suv isitilgan. Isitilgan suv sirkulyatsion nasoslar yordamida sinfxonalarning isitish batareyalariga yuborilgan.

Isitish jihozlari elektr energiyasi hisobiga ishlagan, shuning uchun 1990-yillarning o‘rtalaridan boshlab, elektr ta’minotidagi uzilishlar odatiy holga aylangach, qishloq maktablari birin-ketin kichik qozonxonalar yoki qo‘lbola (burjuy) pechlarga o‘tkazildi. Ular binoni o‘rab oladi va bir nechta sinf xonalarini isitadi.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

Hojatxonalar.

19-sonli maktab 1993-yilda qurilganiga qaramay, bu yerda ham markaziy qozonxona bor edi. Biroq, ko‘p o‘tmay u 10 ta qo‘lbola pech bilan almashtirilgan. Dilshoda Omonovaning so‘zlariga qaraganda, 2016-yilgacha qishloqqa elektr energiyasi kuniga ikki soatgina berilgan, shu bois qo‘lbola pechlar maktab uchun yagona najot edi.

Vaziyatni izga tushirish uchun urinishlar

2015-yilda ta’lim muassasasi ma’muriyati birinchi marta GEF KGDga isitish tizimini modernizatsiya qilishda yordam so‘rab murojaat qilgan. O‘shanda dastur mutaxassislari ko‘mir changini briketlashni taklif qilgan edi, deya eslaydi Aleksey Volkov.

Loyiha GEF KGDning barcha mezonlariga mos keldi. Dastur butun mamlakat bo‘ylab tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan atrof-muhit uchun foydali, barqaror va innovatsion loyihalarni moliyalashtiradi. Changni briketlash orqali yoqilg‘i xarajatlarini oshirmagan va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda sinfxonalardagi havo haroratini oshirishga erishish mumkin edi, sababi — zich massa uzoqroq yonadi. Bu yechim O‘zbekiston uchun yangilik bo‘ldi, chunki boshqa tashkilotlar bunga murojaat qilib ko‘rmagan.

Boyovut maktabining tajribasi boshqa qishloq ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga ham tatbiq etilgan taqdirda, GEF KGD miqyoslash talablariga amal qilgan bo‘lar edi. Biroq, Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, budjet mablag‘lari yo‘qligi sababli Iqtisodiyot vazirligi loyihani kengroq tatbiq etishdan bosh tortdi. Oqibatda bolalar va o‘qituvchilar yana yetti yil sovuqdan aziyat chekdi.

“Eng birlamchi sharoitlar ta’minlanmagan muhitda bolalar o‘qish haqida, o‘qituvchilar — ta’lim sifati haqida o‘ylay oladimi? — deydi Aleksey Volkov. — Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi kirish imtihonlarida minimal o‘tish ballini ham yig‘a olmayapti”.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

Maktab o‘quvchilari botanika nazariyasini amaliyotda keng qo‘llagan holda hududni obodonlashtirishda faol ishtirok etadi. Maktabdagi deyarli barcha daraxtlar, direktor Muhtaram Xasanovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilar tomonidan o‘tqazilgan. 19-sonli maktabda oliy o‘quv yurtlariga, jumladan, grant asosida o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari juda yuqori. Aksariyat bitiruvchilar tibbiyot sohasiga kiradi.

Energetika bo‘yicha mutaxassisning fikricha, maktabga yanada kuchliroq qozonxona o‘rnatilgan taqdirda ham, uning isitish mavsumida oladigan ko‘mir hajmi talab qilinadigan 100 kunga emas, bor-yo‘g‘i 10−12 isitish kuniga yetadi, xolos, deydi Aleksey Volkov. Maktab sinfxonalarda minimal haroratni saqlagan holda, berilgan ko‘mirni butun mavsumga yetkazadi, chunki tayanish mumkin bo‘lgan boshqa yoqilg‘i manbasi mavjud emas.

“Muhandislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, sinfxonalardagi havo haroratini sanitariya me’yorlariga yetkazish uchun mahalliy ko‘mirni 10−15 barobar ko‘proq yoqish yoki uni sifatli ko‘mirga almashtirish va yetkazib berish hajmini 5 barobar oshirish zarur, — deya tushuntiradi Aleksey Volkov. — Biroq, ko‘mir — iflos yoqilg‘i hisoblanadi. Bu havo ifloslanishi darajasining sezilarli oshishiga olib keladi. Iqlim nuqtai nazaridan ko‘mir — energiya olishning yomon usuli”.

Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirga pul tikish ikki tomonlama o‘yinga o‘xshaydi. Bir tomondan, O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy qilmoqda va iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun katta tashabbus ko‘rsatmoqda. Boshqa tomondan, mamlakat ko‘mirdan foydalanish darajasini oshirmoqda hamda buning hisobiga shamol va quyosh stansiyalarini o‘rnatish natijasida kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan uglerod emissiyasining butun hajmi yo‘qqa chiqmoqda.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

Aleksey Volkov.

“Biz isitish muammosini qanday hal qilish mumkinligi haqida bosh qotirishimiz va shu bilan bir paytda [bu yechim] iqlimga mos keladigan muqobil bo‘lishi zarur, — ta’kidlaydi Aleksey. — Biroq, eng asosiysi, bu iqtisodiy jihatdan foydali va asoslangan bo‘lsin. Muhandislar issiqlik nasoslari energiyani eng ko‘p tejovchi muqobil bo‘ladi, deb hisoblaydi”.

Boyovut maktabiga ham aynan ularni o‘rnatish taklif qilindi.

Zavodlar bolalardan muhimroqmi?

“Tabiat bizni turli ko‘rinishdagi energiya bilan o‘rab turadi, — deydi Aleksey Volkov. — Havo, yer va suvda mutlaqo bepul issiqlik mavjud. Issiqlik nasosi bu issiqlikni kuchaytiradi va biz uchun odatiy bo‘lgan issiqlik energiyasiga aylantiradi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, issiqlik nasoslari “teskari muzlatgichlar” kabi ishlaydi. Boyovut maktabida o‘rnatiladigan “havo-havo” issiqlik nasosining ishlash tamoyili energiya tejovchi konditsionerning ishlashiga o‘xshaydi.

“Issiqlik nasosining o‘ziga xosligi shundaki, ko‘mirda ishlaydigan qozonxona 1 kVt yoqilg‘ini 0,7 kVt issiqlik energiyasiga aylantirgani holda, issiqlik nasosi 1 kVt elektr energiyasini 3 kVt issiqlik energiyasiga aylantiradi. Energiyani qayta ishlash nisbati 1 ga 3 bo‘lgan issiqlik nasoslariga xos bunday samaradorlik boshqa texnologiyalarda mavjud emas”, — deydi Aleksey Volkov.

Issiqlik nasoslari yordamida isitish texnologiyasi ko‘p yillar ilgari Yevropada o‘zini oqlagan. Ular portlash va yong‘indan xavfsiz, demak, ijtimoiy obyektlar uchun mukammal yechim. Uskunadan foydalanish oson va u 25 yilgacha xizmat qilishi mumkin.

Bizning vaziyatimizda yagona to‘siq — bu issiqlik nasoslarining quvvat manbai. Ular elektr energiyasi bilan ishlaydi. Mamlakatda elektr energiyasi iste’moli hajmi uni ishlab chiqarish ko‘rsatkichlaridan yuqori, shu bois mamlakat energiya tizimi tanqislikni boshdan kechirmoqda.

Tez-tez o‘chirishlardan tashqari, elektr energiyasining o‘zi ham maktablar uchun qimmatga tushadi, deya ta’kidlaydi Aleksey Volkov. Uning so‘zlariga qaraganda, barcha budjet tashkilotlari elektr energiyasi uchun maksimal tarif — 1 kVt / soat uchun 800 so‘mdan, ya’ni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) va Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) kabi sanoat gigantlari bilan bir qatorda haq to‘laydi.

Bir tomondan, davlat maktablarga toza energiyadan foydalanganlik uchun maksimal tarifni belgilaydi. Boshqa tomondan, ta’lim muassasalari uchun eng iflos yoqilg‘ini sotib olish xarajatlarining 90 foizini subsidiyalaydi. Bir kilogramm ko‘mir ularga 410 so‘m — bozor narxidan 10 baravar arzon tushadi. Bunday sharoitda maktablar uchun energiya tejovchi tizimlarga o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lmagan choraga aylanadi.

“Ustuvorliklarni bu tarzda belgilash orqali davlat amalda toza energiyadan foydalanishga o‘tishni qoralamoqda, — deydi Aleksey Volkov. — Maktablar elektr energiyasi uchun sanoat korxonalari tariflari asosida haq to‘laydilar va, shunga qaramay, ular zavodlar kabi birinchi toifadagi obyektlar emas: ularni doimiy ravishda elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi. Nega zavodlarni tarmoqdan uzilmaydi, maktablarni esa uzib qo‘yiladi? Bolalar sanoatchalik muhim emasmi?”

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

O‘quvchilar tomonidan bunyod etilgan bog‘.

Xususiy tashabbuslar ustidan nazorat qilish muhim loyihalarni qanday “bo‘g‘ib qo‘yishi” haqida

Boyovut loyihasi orqali GEF KGD maktablarni ko‘mirsiz isitish imkoniyatini sinab ko‘rish istagida.

“Natijalar qanday bo‘ladi? Maktab qay darajada issiq bo‘ladi? — tadqiqotning vazifalarini sanaydi Volkov. — Ushbu texnologiya qay darajada yaxshi ishlaydi? Bu O‘zbekistondagi barcha qishloq maktablari uchun muqobil sifatida iqtisodiy jihatdan samaralimi?”.

Tajriba yuqorida sanab o‘tilgan barcha parametrlarni sinovdan o‘tkazish va hisoblab chiqish imkonini beradi. Natijalar ijobiy va salbiy jihatlarini ko‘rib chiqish hamda bolalar ta’lim muassasalarida muqobil isitish tizimining kelgusi taqdiri yuzasidan qaror qabul qilish uchun hukumatga taqdim etiladi.

Issiqlik nasosi Boyovut maktabida 2022-yilning yozidayoq o‘rnatilishi kerak edi. Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning iqtisodiy tahlili namuna olish maqsadga muvofiqligini tasdiqlasa, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi ushbu tajribani O‘zbekistondagi boshqa ta’lim muassasalarida ham tatbiq etishga umid bergan edi.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

Biroq, loyiha byurokratik mashina tomonidan yutib yuborildi. Gap shundaki, GEF KGD loyiha tashabbuslarini faqatgina nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) orqali moliyalashtiradi. O‘zbekistonda bunday tashkilotlar o‘z faoliyatida muntazam ravishda qator to‘siqlarga duch keladi.

Hukumatning 2022-yil iyun oyida e’lon qilingan yangi qarori NNT faoliyati bilan bog‘liq shart-sharoitlarni og‘irlashtirdi. Mazkur hujjat bilan tashkilotlarning ichki ishlariga davlatning bevosita aralashuvi va ular ustidan haddan tashqari davlat nazoratini qonuniylashtirib qo‘yildi. Davlat organlari donorlar tomonidan tasdiqlab bo‘lingan loyihalarni ham o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ldi. Bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 2000 baravaridan ortiq (2023-yil avgust holatiga ko‘ra — 660 million so‘m) mablag‘ olgan tashabbuslar uchun Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ishtirokidagi murakkab muvofiqlashtirishdan o‘tish majburiyati yuklatildi.

“Bularning barchasi NNTlar va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashi aytilmoqda. Biroq, oxir-oqibat, bu yondashuv ularning samarali hamkorligiga putur yetkazmoqda. NNTlar faoliyati ustidan haddan tashqari, aksariyat hollarda hech qanday asosga ega bo‘lmagan nazorat har qanday tashabbusni o‘ldiradi, aynan NNTlar ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin bo‘lsa-da, ularning rivojlanishini to‘xtatib qo‘yadi”, — deya qayd etadi Aleksey Volkov ishonch bilan.

Natijada NNTlar loyihalari davlat tomonidan muvofiqlashtirish va tasdiqlashning murakkab jarayonidan o‘tishi talab etiladi, ayni vaqtda, taqqoslash uchun, tijoriy sektor o‘z faoliyatidan tijoriy foyda olmaydiganlarga qaraganda ancha erkin. NNTlar vakillari, yuqorida keltirilgan asoslardan tashqari, boshqa qonun hujjatlariga zid bo‘lgan mazkur qarorni bekor qilish so‘rovi bilan qilgan o‘z murojaatlarida shu va boshqa muammolarni ko‘rsatib o‘tdi. Shunday qilib, Boyovut loyihasini muvofiqlashtirish jarayoni 8 oydan ortiqroq vaqtgacha cho‘zildi. Loyiha barcha belgilangan jadvallardan chiqib ketdi, shunga qaramay, 2023-yilning yozida unga ruxsat berildi.

Aleksey Volkovning ta’kidlashicha, KGD loyihalarga katta miqdorda mablag‘ ajratish imkoniga ega bo‘lmagani uchun ham shunday — “Kichik grantlar dasturi” deya nomlangan. Tashabbuslarga odatda, garchi bu mablag‘ ularga zarur qiymatning yarmidan ko‘pini qoplamasa ham, 50 ming dollargacha mablag‘ ajratiladi. Mablag‘ning qolganini grant oluvchilarning o‘zi topishiga to‘g‘ri keladi.

Biroq Boyovut maktabi bilan bog‘liq holat — alohida masala. U hozirda GEF KGD tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ikki strategik loyihadan biri. Bunday tashabbuslar uchun paritet moliyalashtirishning bir xil sharti asosida 150 ming dollargacha mablag‘ ajratiladi.

“Strategik loyiha — alohida ahamiyatga ega, — deydi Aleksey Volkov. — U mamlakat bo‘ylab tatbiq etilganida muhim natijalar berishi zarur. Hozir bizda ikkita ana shunday loyiha bor. Birinchisi — suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha; bunda biz ana shunday texnologiyalarni butun mamlakat bo‘ylab targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz, sababi bizda yer resurslari hamda fermerlar ko‘p va biz ko‘proq suvni tejashimiz lozim. Ushbu texnologiya doirasidagi har qanday ish cheksiz ko‘p sonli „takrorlovchilarga“ keng targ‘ib qilinadi va haqiqatan ham katta miqdordagi suvni tejash imkonini beradi”.

Maktab — ikkinchi strategik loyiha, chunki natijalar ko‘ngildagidek bo‘lgan taqdirda, hukumat Boyovut tajribasini O‘zbekistondagi boshqa 6700 ta qishloq maktabida ham tatbiq etishiga umid bor. U holda, loyiha juda keng miqyosli ekologik va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.

Maktab ta’miri GEF KGD Boyovut loyihasining qo‘shma moliyalashtiriladigan qismi. Ta’mirlash ishlari 2022-yilda Jahon banki mablag‘lari hisobidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan. Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, ta’mirsiz yangi isitish tizimini o‘rnatish ma’nisiz bo‘lar edi, chunki deraza romlari, devor va tomning izolyatsiyasi shunday holatda ediki, bunday binoni isitish ko‘chani isitishdan farq qilmasdi.

Qolaversa, maktabda quvurlar va batareyalar almashtirildi. Binoni o‘rab olgan 10 ta qo‘lbola pech o‘rniga ko‘mir bilan ishlovchi markaziy qozonxona qaytarildi. GEF KGD uni elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq vaziyatlar uchun zaxira sifatida saqlab qolish niyatida. Darvoqe, nasoslar ishlashi uchun ham markaziy qozonxona talab qilinadi.

алексей волков, гэф kgд, iqlim o‘zgaрishи, kichik grantlar dasturi, maktablar

Qozonxona.

“[2022−2023 o‘quv yilida] elektr energiyasi doimiy ravishda uzilib turdi, shuning uchun maktabdagi isitish tizimi, hatto yangi markaziy qozonxona yordamida ham, talab darajasida ishlamadi, — deydi Aleksey Volkov. — Elektr energiyasi uzilgan taqdirda ko‘mir bilan ishlovchi qozonxonaning aylanma nasosi o‘chib qolmasligi uchun biz zaxira generator va yangi transformator o‘rnatamiz, sababi hozir maktab qishloqdagi 1250 ta xo‘jalikka xizmat qiluvchi yagona transformatorga ulangan va biz qishloqqa ortiqcha yuklama qilmoqchi emasmiz”.

Issiqlik nasoslari energiyani qayta ishlashda yaxshi samaradorlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lishiga qaramay, ular baribir yetarlicha ko‘p elektr energiyasini iste’mol qiladi. Bittagina maktabni isitish bahona ularni quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlaydigan qilish qimmatga tushadi va maqsadga muvofiq emas, deydi Volkov.

“Elektr energiyasi yirik stansiyalar tomonidan ishlab chiqarilishi lozim. Ular shamolda, quyoshda yoki gazda ishlashi yoki atom elektr stansiyalari bo‘lishi mumkin. Ko‘lam katta bo‘lsa, muqobil yaxshi ishlaydi. Loyihaning maqsadi — muqobilning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini hisoblab chiqish hamda muammoga e’tiborni jalb qilishdir. Hozir maktablar dahshatli darajada sovuq. Eng birlamchi sanitariya talablariga ham rioya qilmaymiz. Biroq, maktablar elektr energiyasidan uzib qo‘yilmasligi uchun zavodlar kabi ustuvor obyektlarga aylantirilmas ekan, ularda issiqlik bo‘lmaydi. Bolalar qanday qilib bunday shart-sharoitda bilim olishlari mumkin? Hech qanaqasiga. Agar bugun bolalarning ta’limidagi shart-sharoitlarni e’tiborsiz qoldirsak, ertaga zaif inson kapitaliga ega bo‘lamiz. Shunday sharoitda mamlakat taraqqiyoti haqida gapirish mumkinmi?”.

“Gazeta.uz” tahririyati vaziyatning haqqoniy yoritib berilganligi maktab ma’muriyatiga bosim o‘tkazish uchun asos bo‘lib qolmasligiga umid qiladi.