Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgustdagi farmoni bilan bir guruh davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlarini orden va medallar bilan taqdirladi. Mukofotlar O‘zbekiston davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan topshirildi.

2021-yilgi saylovda ishtirok etgan va 2023-yilgi muddatidan oldingi prezidentlik saylovlarida Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlab, unda qatnashmagan “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Ushbu orden bilan O‘zbekiston fuqarolari iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadi. Mukofot uchun BHMning 40 baravari (13,2 million so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti va qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar nazarda tutilgan.

2023-yilgi saylovda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganlari uchun beriladigan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofot BHMning 30 baravari (9,9 million so‘m) miqdorida mukofotni nazarda tutadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘mitalarining ayrim raislari va a’zolari ham mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Bundan tashqari, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan quyidagilar taqdirlandi:

  • Shuhrat Arziyev — Uzbekistan GT qurilish loyihasi direktori;
  • Rashid Pirmatov — “O‘zmetkombinat” boshqaruvi raisi;
  • Ulug‘bek Usmonov Enter Engineering kompaniyasi bosh direktori.

“Do‘stlik” ordenini olganlar:

  • Anvar Salyamov — “Sanoat-energetika guruhi” MCHJ (SANEG) ijrochi direktori, avval Enter Engineering kompaniyasida ishlagan;
  • Vladimir Filipas — Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyatining Uzbekistan Airways sales filiali direktori;
  • Eldar Ishimbayev — Uzinfocom MCHJ bosh direktori o‘rinbosari;
  • Timur Soy — Samarqand turizm markazi qurilish direksiyasi direktorining texnik masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Muxamadjon Sobirov — “Xiva qurilish servis” kichik korxonasi direktori.

“Shuhrat” medali bilan quyidagilar taqdirlandi:

  • Shuhrat Aslanov — “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ bosh direktori;
  • Charos Kamchiyeva — Farg‘ona shahridagi Safort Konsensus Kommunal professional boshqaruv kompaniyasi rahbari;
  • Arsen Kasparov — Avangardnaya Kovka MCHJning ishlab chiqarish direktori;
  • Alisher Yodgorov — SANEG og‘ir sanoat loyihalari direksiyasi direktori birinchi o‘rinbosari;
  • Alisher Yakubov — Samarqand turizm markazining qurilish direksiyasi direktori.

Sanoat sohasi, qishloq xo‘jaligida faxriy unvonlar quyidagilarga berildi:

  • Shermat Shamsiyev — Muborak gazni qayta ishlash zavodi direktori;
  • Oleg Staroverov — OKMK “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish loyihasi direktori birinchi o‘rinbosari;
  • Shavkat Sharipov — Zarafshon Textile ta’sischisi;
  • Ibragim Xamrayev — “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri bosh direktori;
  • Rustam Kalanov — Toshkent shahri hokimining jamoatchilik, mahalla va nuroniylar masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

Prezident avvalroq energetika, neft-gaz va bank sohalarida faoliyat yuritayotgan sakkiz nafar xorijiy investorni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagandi.