Namangan viloyatiga Xitoyning Yutong kompaniyasidan 100 dona ZK6890HG modelidagi yangi avtobus olib kelinadi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov Toshkentda Yutong Bus Co kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Jeff Syao boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida Xumo avto plyus MCHJ hamda Yutong Hongkong Limited kompaniyasi o‘rtasida 100 dona ZK6890HG modelidagi avtobusni sotib olish yuzasidan shartnoma imzolandi.

Namangan viloyati Transport boshqarmasining “Gazeta.uz”ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, shartnomada belgilangan summaning 30 foizi to‘langan va avtobuslarning dastlabki 20 tasi bir hafta ichida yetkazib berilishi kutilmoqda. Qolgan avtobuslar keyingi 70 foiz summa to‘langanidan keyin 5 hafta ichida, haftasiga 20 tadan yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, uchrashuvda viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar harakat tarkibini yangilash, zamonaviy avtobuslar sotib olish va ularga servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Yutong Bus kompaniyasi Toshkentga 800 ta avtobus, shu jumladan, 300 ta elektrobus yetkazib berish boshlanganini ma’lum qilgandi.

Kompaniya Samarqandga ham 2023-yil oxirigacha 100 ta, jumladan, birinchi yarimyillikda 6 ta, uchinchi chorak oxirigacha esa 94 ta elektrobus yetkazib berishi rejalashtirilgan. Shaharga elektrobuslar xarid qilish loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birganlikda amalga oshirilayotgan bo‘lib, unda jami 350 ta elektrobus xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Xorazm viloyatiga ham 2023-yil yakuniga qadar Xitoyning Zhongtong kompaniyasidan 100 ta yo‘lovchi avtobusi olib kelinadi.