“Gazli” yer osti gaz ombori quvvatini 2025-yilga qadar ikki barobar oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Muhammad Saidazimov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida — 2020-yildan 2025-yil oxirigacha — kon-qidiruv ishlari hisobiga “Gazli” inshootida gaz saqlash hajmini ikki barobarga — 3 mlrd kub metrdan 6 mlrd kub metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi bosqichda gaz omborini yakunlash va kengaytirish hisobiga sig‘im 10 mlrd kub metrga yetkaziladi. Loyihaning umumiy qiymati 850 mln AQSh dollariga baholanmoqda.

Muhammad Saidazimovning aytishicha, kuchaytiruvchi kompressor stansiyasi (6A) qurilishi allaqachon yakunlangan bo‘lib, joriy kuz-qish mavsumida gaz iste’molining mavsumiy tebranishlarini qoplash imkonini beradi. Shuningdek, konda 76 ta yangi quduq qazilib, ularning umumiy soni 352 taga yetkazildi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi qiymati 558 mln dollarga baholangan bo‘lib, shundan qariyb 270 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 2025-yilga borib daromad 580 mlrd so‘mga, budjetga soliq to‘lovlari esa 60 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda. Loyihaning ishlab chiqarish quvvati mintaqada kuniga 28−30 mln kub metr atrofida tashkil qiladi.

“Gazli” gaz ombori loyihasi haqida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yer osti omborlaridagi gaz zaxiralarini kamida 3,5 mlrd kub metrga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

2017-yilda Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz”ga gaz ombori hajmini uch barobardan ko‘proq — 10 mlrd kub metrgacha oshirish bo‘yicha taklif tayyorlashni topshirgan edi. Keyinroq loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd dollarga baholandi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida “Gazli” gaz ombori hajmini oshirish zaruriyati tushuntirilmagan. Prezident tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining neft va gaz sanoatining holati to‘g‘risida”gi hisobotda (hisobot nusxasi “Gazeta.uz”da mavjud, hujjatning haqiqiyligini mualliflardan biri tasdiqladi) aytilishicha, ish boshlanishidan avval ham mazkur omborning atigi 55 foizi gaz bilan to‘lgan. Hisobotda, shuningdek, mamlakatda taqchillik va gaz qazib olishning qisqarishi kuzatilayotgani qayd etilgan.

2018-yilda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida “O‘zbekneftgaz” Rossiyaning “Forus” kompaniyasi (2017-yilda ro‘yxatdan o‘tgan) bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldi, oktabr oyida esa kompaniyalar Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasini tashkil qildi (60 foiz ulush “Forus”ga tegishli, 40 foizi “O‘zbekneftgaz”ga). “Gazli” gaz ombori O‘zbekiston gaz transporti tizimining eng markazida — Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Xitoyga o‘tuvchi quvurlar chorrahasida joylashgan.

“„Forus“ OAJning kelib chiqishi, uning faoliyati va ustav kapitalining miqdori (10 ming rubl yoki 155 AQSh dollari) shubhali, tashkil etilganidan beri moliyaviy faoliyat yuritilmagan (ikki yil davomida mablag‘lar harakati 3000 rubl yoki 46 dollar), bunday loyihalarni amalga oshirish tajribasi yo‘q… „Forus“ tabiiy gazni qazib olish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun tariflarni mustaqil ravishda belgilash yo‘li bilan mamlakatlar tabiiy gazlarini saqlash bo‘yicha energetik muvozanatga ta’sir qiladi”, — deyiladi hisobotda.

Avgust oyi boshida “Dose” markazi jurnalistlari biznesmen Gennadiy Timchenkoning biznes sherigi, “Rossiyadagi eng yashirin millionerlardan biri” Ivan Yegorov ekanini aniqlashdi. Surishtiruvda aytilishicha, shu tufayli xalqaro sanksiyalar ostida qolgan Gennadiy Timchenko xorijda biznes qilishda davom etmoqda.

Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Yegorov “Forus”ning hamta’sischilaridan biri bo‘lishi mumkin. “Dose”ning yozishicha, gaz konini rivojlantirish loyihasi Gazli Gas Storage Forusdan, Forus esa Yegorovdan pul oladigan sxema bo‘yicha moliyalashtiriladi. Tadbirkor, o‘z navbatida, Timchenkoga yaqin tuzilmalar tomonidan moliyalashtiriladigan “Vesta” kompaniyasidan pul olishi mumkin edi.

Mart oyida “O‘ztransgaz” “Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasi tomonidan Rossiyadan tabiiy gaz import qilish uchun magistral gaz quvurlari infratuzilmasi tayyorlanayotgani bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Ko‘p o‘tmay kompaniya o‘z xabarini rad etib, ish O‘zbekistonning janubiy viloyatlari iste’molchilarini gaz bilan ta’minlash samaradorligini oshirishga qaratilganini aytdi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining “Gazprom” bilan yozda tuzgan kelishuviga ko‘ra, “Gazprom Eksport” O‘zbekistonga “O‘zGazTrade” orqali yiliga 2,8 milliard kub metr hajmda Rossiya gazini yetkazib beradi. O‘z hududi orqali gaz o‘tkazuvchi Qozog‘istonning QazaqGaz shirkati 1-oktabrdan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlaydi.