O‘zbekistonda 2030-yilga borib suv tanqisligi 7 mlrd kub metrga yetishi mumkin. Fuqarolar uchun bu raqamlar nimani anglatishini tasavvur qilish qiyin, biroq inqiroz allaqachon sezilib bormoqda.

Yaqinda “O‘zbekkosmos” Toshkent viloyatidagi Adelunga cho‘qqisida muzliklar O‘zbekistonda global ko‘rsatkichlarga qaraganda tezroq sodir bo‘layotgan iqlim isishi natijasida tobora qisqarib borayotgani aks etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qildi. Qoraqalpog‘istonda esa suv tanqisligi tufayli sholi yetishtiriladigan maydonlarni keskin qisqartirish rejalashtirilgan. 1-avgustdan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ichimlik suvi tariflari qariyb ikki baravarga oshirildi. 20-avgustdan esa Toshkent viloyatida narxlar ko‘tarilishi kutilmoqda. Bishkek va Ostona shu yil yozida keskin ichimlik suvi tanqisligini boshdan kechirdi, avgust oyida Qirg‘iziston suv yetishmasligi sababli Qozog‘istonga sug‘orish uchun suv yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu ma’lumotlarning barchasi jiddiy muammo biz o‘ylagandan ham yaqinroq ekanini ko‘rsatadi.

“Gazeta.uz” O‘zbekistonning bir qator hududlari aholisi bilan bog‘lanib, suv ta’minotidagi ahvol, suvni tejash mumkinmi yoki yo‘qmi, shuningdek, tariflar oshishiga qanday munosabatda bo‘layotganini o‘rgandi.

Tinchlik mahallasida yashovchi Dildora. Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani

Mahallamizda hammaga suv quvuri o‘tkazilgan, lekin anchadan beri hech kimda suv chiqmayapti. Avvallari hech bo‘lmaganda ariqlarda suv bo‘lardi, lekin oxirgi yillarda shu ham yo‘q. Bir kun suv berishadi, keyin bir necha oy suvsiz o‘tirasiz. Qishda esa suv umuman bo‘lmaydi.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Mahalladan kelib suv pulini talab qilishadi, albatta rad etaman. Shusiz ham xarajatlarimiz katta: oilada sakkiz kishimiz — hammamizga oyiga 4 tonna suv ketadi. Ikki haftada bir marta mashinada 2 tonna suvga buyurtma beramiz. 200 ming so‘m to‘laymiz. budjetimiz uchun 400 ming juda katta pul.

“Yangihayot” mahallasida yashovchi fuqaro. Xiva, Xorazm viloyati

Xiva shahrida suv ta’minoti tizimi tuzuk-quruq ishlagani yo‘q, shaharning ayrim joylarida suv quvurlari markazlashtirilgan tizimdan uzilib qolgan. Bizda suv bor, lekin kuniga ikki soat suv beriladi. U ham ichishga yaroqsiz — faqat ichki ehtiyojlar uchun ishlatamiz.

Ichimlik suvini filtrlangan holda olib kelishadi. Shaharda ichimlik suvini tayyorlaydigan ko‘plab kichik tashkilotlar bor. Uni buyurtma asosida olib kelishadi: mahalla yoki kvartalga kirganda mashina baland ovozda signal beradi. Odatda haftada bir marta yoki 10 kunda bir marta suv sotib olamiz — to‘rt nafar kattalar va ikki bola uchun 140−160 litr kerak bo‘ladi.

Vodoprovod suvi “qattiq”, minerallashuv darajasi yuqori. Hozir sho‘r bo‘lgan ham. Vodoprovod suvining sifati sezilarli darajada yomonlashdi. Oxirgi o‘n yilliklarda uning miqdori ham o‘zgardi.

Buvimning so‘zlariga ko‘ra, bundan 40−50 yil avval maishiy ehtiyoj va ichimlik uchun uy oldidan oqib o‘tgan ariqlardan, yaqin atrofdagi anhorlardan suv olib ishlatishavergan. Hududimiz cho‘l iqlimida joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘sha paytlarda qurg‘oqchilik, tuproqning sho‘rlanishi tashvishi yo‘q edi. Amudaryo hayqirib, to‘lib-toshib oqardi, undan taralgan kanallar Xorazmning barcha burchaklariga yoyilardi. Baliqchilik, paxtachilik, sholichilik rivojlangandi.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Endi esa nasoslarimiz bor. Esimni tanibmanki har doim bo‘lgan. Bitta nasos yer ostidan suv chiqaradi. Bu suv shunchalik sho‘rki, u texnik suvga teng. Qurilmaga hisoblagich biriktirilgan. Nasos alohida chanoqqa ulangan va kamdan-kam ishlatiladi. Yillar davomida bu chanoq zang rangli tuz bilan qoplangan.

Ba’zida yer osti suvlaridan bog‘ni sug‘oramiz. Ammo vodoprovod suvi bilan galma-galdan sug‘ormasangiz, o‘simliklar tezda nobud bo‘ladi. Bir sug‘orish uchun taxminan bir-ikki kub metr suv kerak bo‘ladi. Uning narxi oylik hisob-kitoblarga kiradi.

Ikkinchi nasos markaziy tizimga ulangan va ko‘proq rezervuar sifatida xizmat qiladi, shuning uchun qo‘shnilarning suv ta’minotiga ta’sir qilmaydi. Markaziy tizim ishlayotgan vaqtda suv to‘playdi. Suv o‘chirilganda, to‘plangan suvdan foydalanamiz. Deyarli har bitta uy shunaqa uskunalar bilan jihozlangan.

Yaxshiyamki, elektr toki unchalik tez-tez va uzoq vaqtga o‘chmaydi, shuning uchun nasoslar ishlashida hech qanday muammo sezmaymiz. Uzilishlar anomal issiq va sovuq kunlarda sodir bo‘ladi. Bu elektrga bo‘lgan talab oshib ketishi natijasida transformatorlarga tushadigan yuklama bilan bog‘liq. Ba’zida chiroq profilaktika maqsadida, gohida ta’mirlash ishlari uchun o‘chiriladi, lekin undan oldin aholi Telegram-kanallar orqali ogohlantiriladi.

Elektr energiyasi ba’zan ogohlantirishsiz ham o‘chadi. O‘shanda suvsiz qolamiz va faqat kutishimiz kerak bo‘ladi. Yaxshiyamki, uyda doimo olib kelinadigan ichimlik suvi bor. Elektr energiyasini kutilmaganda o‘chganida, uni maishiy ehtiyojlarimiz uchun ham ishlatamiz.

Odatda suv jadvalga muvofiq soat 19:00 dan 21:00 gacha yoqiladi. Lekin bu yilgi yoz “chillasi”da haftada ikki-uch marta suv berildi. Shaharga muhim mehmonlar kelganda, ob-havo sharoitiga qaramay, suv va elektr uzluksiz ta’minlanadi.

Viloyatimizda ichimlik suvi narxi ko‘tarilgan taqdirda ham bu oilamiz budjetiga ta’sir qilmaydi. Ammo odamlarning daromad darajasi har xil. Narx oshishi ba’zi oilalarning budjetiga ta’sir qilishi mumkin.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Suvni tariflar oshgani uchun emas, balki tanqisligi sababli tejash va undan oqilona foydalanish kerak. Balki iqtisod qilish maqsadida tariflarni oshirishgandir, lekin odamlarning o‘zi bir qultum hayot uchun qancha bo‘lsa ham to‘lashga tayyor.

So‘nggi yillarda nafaqat suv muammosi, balki iqlimning o‘zi ham yomonlashdi, bu esa, o‘z navbatida, aholi o‘rtasida turli kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘p miqdorda tuzdan foydalanish tufayli yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi, buyrak toshlari paydo bo‘ladi.

Aslida, muammo global miqyosda. Orol dengizi qirg‘oqlaridan kelayotgan qum bo‘ronlari nafaqat qo‘shni mamlakatlarga, balki Yevropaning ayrim hududlariga ham yetib bormoqda. Xorazm va O‘zbekistonning boshqa viloyatlari haqida nima deyish mumkin. Bular bilan shug‘ullanadigan siyosatchilar ko‘p, lekin tafsilotlarga kirsak, suv tanqisligi haqidagi maqolaning mavzusi o‘zgarib ketadi.

Akmal Srajatdinov, “Do‘stlik” mahallasi. Qoraqalpog‘iston, To‘rtko‘l tumani

Mahallamizda markazlashtirilgan suv tarmog‘i mavjud. Suv sifati o‘rtacha. Oldin butunlay xira chiqardi, hozir ancha tiniqlashgan. Suv quvurlari noto‘g‘ri yotqizilgani, bosim past bo‘lgani uchun ko‘chadagi ayrim uylarga suv yetib bormayapti. Bir oydan beri uyimizda suv yo‘q.

Bizda va barcha qo‘shnilarimizda nasoslar o‘rnatilgan, lekin ularning foydasi tekkani yo‘q, shuning uchun har kuni uyidan suv chiqadigan qo‘shnilarimiznikidan tashishimiz kerak. Bir martada taxminan 40 litr olamiz, lekin bir nechta marta borib-kelamiz. Suv tashishga odatda ayollar yoki bolalar borishadi, ba’zida mashinadan foydalanamiz.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Oilada olti kishimiz, kuniga kamida 8 litr ichamiz. Suvning qolgan qismi ovqat pishirishga ishlatiladi. Tomorqamiz ham bor, lekin uni daryo suvi yoki yer ostidan sho‘r suv bilan sug‘oramiz. Uni gigiyenik va maishiy ehtiyojlarimiz uchun ham ishlatamiz.

Bizda, bundan tashqari, tez-tez suv o‘chib turadi, lekin qishda bunaqa muammolar deyarli bo‘lmaydi. O‘chirishlar haqida Turtkul24 Telegram-kanalidan bilib olaman.

Suv bilan bog‘liq muammolar yildan-yilga ko‘paymoqda. Biz, boshqa fuqarolar tez-tez turli idoralarga murojaat qilamiz, biroq muammo shundaki, hamma joyda quvurlar eskirgan va tez-tez suv sizib chiqayotgani haqida xabar qilamiz.

Oilam, tariflarga qaramay, shusiz ham suvni tejaydi, chunki uning o‘zi yo‘q. Suv narxini oshirishdan oldin bizda o‘sha suvning o‘zi bo‘lishi kerak va u bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmasligi lozim.

Termizlik fuqaro, Surxondaryo viloyati

Xususiy uyda yashaymiz. Suv bizga eng yaqin vodozabordan keladi. Suv sifati har doim o‘rtacha bo‘lgan va hozirgi kungacha shunday bo‘lib qolmoqda. Vodoprovod suvini ichamiz, undan boshqa maqsadlarda ham foydalanamiz.

Uydagi suv bosimi unchalik yaxshi emas, shuning uchun 25 yildan beri nasoslardan foydalanamiz. Ular qo‘shnilarning suv ta’minotini cheklamaydi. Ba’zida suv bosimi normal bo‘lib, nasoslardan foydalanishga hojat qolmaydi.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Ba’zida elektr toki o‘chirilgani sababli suvsiz qolamiz, lekin bunga allaqachon yechim topganmiz: ichimlik suvini do‘kondan sotib olamiz. Suv uzilishlari ham sodir bo‘ladi — haftada bir marta va qisqa vaqtga.

So‘nggi paytlarda suv bilan bog‘liq muammolar biroz ko‘paydi. Bosim pasayib ketdi, chunki shaharning sug‘orish tizimi ishlamayotgani sababli odamlar tomorqalarini vodoprovod suvi bilan sug‘oryapti.

O‘ylaymanki, tariflarning oshishi jiddiy suv tanqisligi bilan bog‘liq bo‘lib, tariflar biz ichimlik suvini tejashimiz uchun ko‘tarilgan, aks holda suvsiz qolamiz.

Olmaliqlik fuqaro, Toshkent viloyati

Mahallam markazlashgan suv tarmog‘iga ega. Undagi suvning sifati har doim yomon bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Lekin suv bosimi yaxshi, bizda nasoslar yo‘q. Biz suvni filtrdan o‘tkazgandan keyin yoki qaynatib ichamiz.

Uyda uch kishimiz. Uchastkada yashayotganimiz uchun juda ko‘p suv talab qilinadi. Bog‘ni sug‘orish uchun vodoprovod suvidan foydalanamiz, shu sababli suv uchun katta-katta to‘lov qilamiz. Mahalla rejalashtirilgan suv uzilishlari haqida oldindan ogohlantiryapti.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Umuman olganda, keyingi yillarda mamlakatimizda suv muammosi kuchayganiga ishonaman. Shaxsan men tariflarga qaramay suvni tejayman va ularni ko‘tarilishi haqida esa, menimcha, davlat shunchaki bizdan ko‘proq pul olmoqchi.

“Soylik” mahallasida yashovchi fuqaro, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Oqtosh shaharchasi

Suv — og‘riqli mavzuimiz. 10 yildan oshdiki, iyuldan sentabrgacha u bo‘lmaydi. Uy-joylar, kottejlar esa tobora ko‘proq qurilmoqda. O‘zim dachada yashaydigan odamman, lekin bizda ham suv yetarli emas: o‘zimizga quduq qazishimiz kerak. Ayrim uchastkalarda bunday imkoniyat yo‘q va ular suvni tashib kelishadi.

Qish va bahorda bunday muammo bo‘lmaydi, faqat yog‘ingarchilik va erish hisobiga.

Hattoki, 20 kishilashib suv muammosi tufayli mahallaga chiqqan vaqtimiz bo‘ldi, ammo hech qanday natija bo‘lmagan. Mahallamiz raisi tinmay turli idoralarga: prokuratura, hokimlik, prezident qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasiga xat yozadi. Barcha xatlar javobsiz qoladi.

ichimlik suvi, iqlim o‘zгариши, suv tanqisligi

Suv yetishmasligidan tashqari, quvurlarni ta’mirlashda ham muammo bor. Uzilishlar muntazam ravishda, ba’zan oyiga bir necha marta sodir bo‘ladi. O‘shanda aholi o‘z mablag‘lari hisobidan material sotib olib, ta’mirlash uchun hasharga yig‘ilishga to‘g‘ri keladi.

Bizda, bu yerda 250 dan ortiq apartamentga mo‘ljallangan, ikkita basseyni va musiqali favvorasi bo‘lgan Oqtosh Avenue Resort mehmonxona va turar-joy majmuasi qurilyapti. Agar ular ham tizimimizga ulansa, boshqa aholining suvi butunlay yo‘qoladi.

Qurilayotgan majmua vakillari suv ta’minoti tizimi qaysi manbaga ulanishi haqida ma’lumotga ega emasliklarini aytishdi.

Dilafruz To‘raboyeva, Uchquduq, Navoiy viloyati

Bizda markaziy suv ta’minoti tizimi bor va hech qachon jiddiy muammo kuzatilmagan: suv ham, chiroq ham o‘chmaydi, hatto butun mamlakat bo‘ylab muammo bo‘lganda ham. Hamma joyda to‘xtovsiz o‘chirishlar kuzatilganda, biz faqat ba’zi tumanlarda, shunda ham faqatgina ko‘chalarni yoritishda elektr energiyasini tejadik.

Sovuq suv qayerdadir quvur yorilmasa yoki qo‘shnilarning o‘zlari uyda bekitib qo‘ymasa, kamdan-kam hollarda o‘chiriladi. Issiq suv bilan vaziyat yomonroq — bu yoz hatto bir hafta o‘chirib qo‘yishdi. Bu unchalik xalaqit bermadi, chunki quvurlardagi suv shusiz ham ilib qolgandi.

Onam bilan yashaymiz, shuning uchun ko‘p suv ishlatmaymiz. Hisoblagichga qarab emas, normativ bo‘yicha to‘laymiz. Bu unchalik foydali bo‘lmasligi mumkin, lekin qulay — tejash haqida o‘ylamaysiz ham.

Go‘zal, “Abdurahmonov” mahallasi. Andijon viloyati, Jalaquduq tumani

O‘zim Toshkentda yashayman, lekin qarindoshlarim Andijonda yashashadi. U yerda xususiy uyimizda suv ta’minoti markazlashtirilgan. Bizning suv sifati har doim yaxshi bo‘lgan. Hozir ham shunday. Ba’zida ta’mirlash ishlari tufayli uzilishlar bo‘lib turadi.

Odatda suv uchun oyiga 60−80 ming so‘m to‘laymiz. Bosim har doim yaxshi, hech kimda nasos yo‘q.

Nazarimda, tejashimiz uchun boshqa viloyatlarda suv tariflari ko‘tarilgandek tuyuladi. Ammo ko‘pchilik bundan norozi. Shuning uchun, menimcha, hukumat aholi bilan ishlashni oldindan boshlashi kerak edi. Odamlarga suv tugashi haqida belgi berish va ularni ko‘tarilishga tayyorlash kerak edi. Tariflarni ko‘tarish yaxshi, chunki endi odamlar tejash kerakligini tushunishadi. Odamlar har doim qimmat narsalarni asrab-avaylashadi.

Vladislav Chernikov, Andijon

Andijonda yashayotganimga 20 yildan oshdi. Hech qachon suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaganmiz. Har bir necha oyda suvni o‘chirishadi, lekin har doim oldindan ogohlantirishadi va kamdan-kam hollarda bu bir kundan ortiq muddatga bo‘ladi. Bu yil yozda shaharda quvurlar almashtirilmoqda, shuning uchun ikki-uch soat suv bo‘lmayapti.

Oyiga suv uchun o‘rtacha 100 ming so‘m to‘laymiz. Uyimizda odamlar soni har xil bo‘ladi: ba’zan bir kishi, ba’zan esa besh kishi. Suvdan faol foydalanamiz, tejashimiz ham shart emas, ha, negadir buni uddalay ham olmaymiz.