14-avgust kuni Zo‘r TV muxbiri Nurzodbek Vohidov va operator Sardorbek Yo‘ldoshev Toshkent aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulagani haqidagi reportajni tasvirga olmoqchi bo‘lganida kaltaklangandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Teleradiokompaniya xodimlariga tan jarohati yetkazilgani holati yuzasidan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Unga ko‘ra, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilganda:

  • bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda (ayni paytda 16,5−33 mln so‘m) jarima yoki;
  • uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud;
  • uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Kuni kecha tarmoqlarda tarqalgan videoda 67-ko‘prik qurilish otryadi ish boshqaruvchisi Nodir Eshniyozov jurnalistlarga nisbatan odobsiz so‘zlar ishlatib, ularni hududdan chiqarib yuborishni buyurgani, so‘ngra kamera ko‘targan operatorga tashlanganini ko‘rish mumkin.

Jurnalist qimmatbaho asbob-uskunalarga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan, lekin ishchi tasvirga olish uchun ruxsat olib kelishni talab qilgan va so‘ngra operatorga yana hujum qilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi (loyihaning bosh pudratchisi hisoblangan “Ko‘prikqurilish” trestiga unga tegishli) ish boshqaruvchisi N.Eshniyozovning qilmishini keskin qoralab, uni ishdan bo‘shatganini ma’lum qilgan.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qiluvchi va OAV xodimlariga nisbatan bo‘ladigan har qanday tazyiqni keskin qoralashini bildirgan.

Avvalroq to‘sinlar qulashi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va uch mansabdor hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Zarar, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 2,76 mlrd so‘mni tashkil etadi (qulash videosi).

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi qulash kunida to‘sinlar o‘rnatish jarayonida “ehtiyotsizlik” tufayli qulab tushganini ma’lum qilgan. To‘sinlar yordamchi yo‘llar ustiga qulagani sababli poyezdlar harakatiga ta’sir qilmagan.

“Gazeta.uz” iyul oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishgan rekonstruksiya loyihasi haqida batafsil ma’lumot bergan edi.