Zo’r TV muxbiri Nurzodbek Vohidov va operator Sardorbek Yo‘ldoshev 14-avgust kuni Toshkent aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulagani haqidagi reportajni tasvirga olmoqchi bo‘lganida kaltaklandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoda Nodir ismli xodim jurnalistlarga nisbatan odobsiz so‘zlarni ishlatib, ularni hududdan chiqarib yuborishni buyuradi, so‘ngra kamera ko‘targan operatorga tashlanadi. Vohidov qimmatbaho asbob-uskunalarga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantiradi, lekin ishchi tasvirga olish uchun ruxsat olib kelishni talab qiladi va so‘ngra operatorga yana hujum qiladi.

“Obchiqib tashla n***y!” — deb baqiradi xodim. Keyinroq yana operatorga tashlanadi.

zo'r tv, jurnalist калтаклаnishи, аэропорт yaqinidagi yo‘l ўтказgiч, jurnalistikа

Nurzodbek Vohidovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ular to‘sinlar qulaganda aslida nima bo‘lganini o‘rganish maqsadida voqea joyiga tashrif buyurishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular pudratchi tashkilot rahbariyati bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, biroq ishchilar avvaliga rahbar prokuraturaga, keyin esa tushlikka ketganini aytishgan.

“Rahbariyati kechikayotgani uchun bizdan oldingi kelgan kanal xodimlariga qayerlarni syomka qilishga ruxsat berilgan, o‘sha joylarni olaylik, vaqtimiz ziq deb tushuntirdik. Xo‘p, deb bizdan oldin borgan kanallar syomka qilgan joyni ko‘rsatishdi. Kirib, holatni tasvirga olayotganimizda kamerada ko‘ringan odam syomka qilma deb, so‘kinib ketdi. Salom berib, o‘zimizni tanishtirdik. Ammo u kishi hatto o‘zini ham tanishtirmay so‘kinib, ishimizni yig‘ishtirishimizni talab qildi. Bizni olib chiqish kerakligini aytdi. Shundan so‘ng o‘zi kameraga tashlandi”, — dedi jurnalist.

Uning aytishicha, zo‘ravonning ismi Nodir bo‘lib, uning lavozimi haqida ma’lumot yo‘q.

zo'r tv, jurnalist калтаклаnishи, аэропорт yaqinidagi yo‘l ўтказgiч, jurnalistikа“Operatorimiz Sardorbek Yo‘ldoshevning burnini sindirishdi. Ayni paytda operatorimiz tez yordamda shifoxonaga olib ketilgan. Menda ham jarohatlar bor. Shifokorlar tibbiy ko‘rik zarur dedi. Ammo telekanal kamerasi, mikrofonini ishxonaga yetkazishim kerak edi. Shu sabab men barcha ish qurollarni olib ishxonaga qaytdim”, — dedi u.

Jurnalistning ta’kidlanishicha, voqea joyida telekanal kamerasi singan. Voqeadan so‘ng hudud profilaktika inspektori ularga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida so‘ragan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi (loyihaning bosh pudratchisi hisoblangan “Ko‘prikqurilish” trestiga unga tegishli) ma’lumotlariga ko‘ra, operatorga 67-ko‘prik qurilish otryadi ish boshqaruvchisi N. Eshniyozov hujum qilgan. Kompaniya ishchining qilmishini keskin qoralab, uni ishdan bo‘shatdi.

Kompaniya rahbariyati holat yuzasidan huquq-tartibot organlari qonunchilik normalariga asosan tegishli choralar ko‘’rishini qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi xabarda.

AOKA munosabati

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qiluvchi va OAV xodimlariga nisbatan bo‘ladigan har qanday tazyiqni keskin qoralashini ma’lum qildi.

“Agentlik o‘z vakolat doirasidan kelib chiqib, bo‘lib o‘tgan voqelikka huquqiy baho berish va adolatli qaror qabul qilishlarini so‘rab Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat yo‘lladi”, — deyiladi xabarda.

AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jarayon o‘rganilishi hamda xizmat tekshiruvlari natijalarini diqqat bilan kuzatib borishi va bu ishni nazoratga olishini ma’lum qildi.

Agentlik “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida, jurnalist tekshiruvi o‘tkazish, mansabdor shaxs qabulida bo‘lish, ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilganini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu qonunning 14-moddasida hamda Ma’muriy va Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda shaxsni haqorat qilganlik, qasddan yengil shikast yetkazganlik hamda mulkni qasddan nobud qilish yoki zarar yetkazish uchun ham javobgarlik belgilangan.

Avvalroq to‘sinlar qulashi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va uch mansabdor hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Zarar, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 2,76 mlrd so‘mni tashkil etadi (qulash videosi).

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi qulash kunida to‘sinlar o‘rnatish jarayonida “ehtiyotsizlik” tufayli qulab tushganini ma’lum qildi. To‘sinlar yordamchi yo‘llar ustiga qulagani sababli poyezdlar harakatiga ta’sir qilmagan.

Loyiha buyurtmachisi Toshkent shahri hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, bosh loyihachisi “Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi, bosh pudratchi “Ko‘prikqurilish” tresti hisoblanadi. Shu bilan birga, “Gazeta.uz”ning davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlardan aniqlashicha, ikkita loyiha kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan — “Ko‘prikqurilishloyiha” va Allegro Develop Project.

“Gazeta.uz” iyul oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishgan rekonstruksiya loyihasi haqida batafsil ma’lum bergan edi.