BMTning global ta’lim bo‘yicha maxsus elchisi, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri (2007−2010) Gordon Braun Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS)ni Afg‘onistondagi hukmron “Tolibon” harakati vakillarini mamlakatda ayollar huquqlari buzilgani uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi.

“Gap ayollar va qizlarga nisbatan muntazam ravishda zo‘ravonlik holatlari haqida bormoqda. Ular o‘qish, ishlash, jamoat joylariga borish imkoniyatidan mahrum qilingan. Bu taqiqlarning barchasi diskriminatsiyaning bir ko‘rinishidir. Bu bugungi kunda dunyodagi eng jirkanch, yomon va keng tarqalgan inson huquqlari buzilishidir”, — dedi u BBC bilan suhbatda.

Bundan tashqari, Braun Buyuk Britaniya hukumatini harakatni inson huquqlari bo‘yicha ichki siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majburlash uchun “Tolibon” yetakchilariga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

2021-yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri “Tolibon” ayollarga universitetda o‘qishni taqiqlab, qizlar uchun maktablarni yopgan. Ko‘plab jamoat joylari, jumladan, hammom, sport zallari va parklar ayollar uchun yopilgan. Bundan tashqari, ularning hijobda bo‘lishlari shart etib belgilangan. Iyul oyida “Tolibon” mamlakatdagi ayollar uchun barcha go‘zallik salonlarini yopishga buyruq bergandi.