O‘zbekiston hududlarida inflyatsiyani jilovlash uchun hokimlar shaxsan javobgar bo‘ladi, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak”, — dedi prezident.

“Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil qildi. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil bo‘ldi”, — dedi prezident.

“Lekin takroriy ekin ekish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52 foizgacha oshgan; pomidor 2 barobar qimmatlagan; bodring narxi 1,7 barobargacha o‘sgan”, — dedi davlatimiz rahbari.

Respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan, — deya qo‘shimcha qildi u.