10-avgust kuni soat 16:20 atrofida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida avtomashina va avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati.

Tumanning TXAY — Poygoh ko‘chalari kesishmasida 1963-yilda tug‘ilgan A.T. boshqaruvida bo‘lgan Yutong rusumli avtobusi 1989-yilda tug‘ilgan R.B. boshqaruvidagi Spark avtomashinasi bilan YTH sodir etgan.

“7-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 13-sonli avtobus qo‘shimcha yo‘l (karmashka)dan belgilangan yo‘nalishi bo‘ylab me’yoriy tezlikda harakatlanayotganda yo‘lga chiqib qolgan Spark avtobusning o‘ng tomoni bilan to‘qnashib ketgan. YTH oqibatida tan jarohat olganlar bo‘lmagan.

avtobus
Foto: Uznews.uz

Oxirgi paytlarda, xususan, iyul oyida poytaxtda yangi avtobuslar ishtirokida qator YTHlar sodir bo‘ldi. Xususan, 27-iyul kuni Istirohat ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan 147-yo‘nalishdagi Yutong avtobusiga “ZIL” haydovchisi uni o‘ng tomondan quvib o‘tmoqchi bo‘lganida shikast yetgan.

24-iyul kuni yengil avtomobil haydovchisi qoidalarni buzib, YTH holatini yuzaga keltirgan va 28-yo‘nalishdagi elektrobus haydovchisi keskin tormoz bosishga majbur bo‘lgan. Oqibatda avtobus yo‘lovchilaridan biri yiqilib, shifoxonaga olib ketilgan.

19-iyul kuni Yakkasaroy tumanida 77-sonli avtobus haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Fuqaro olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan.

10-iyul kuni 147-yo‘nalishda harakatlanayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobusning motor qismida yong‘in sodir bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan.

Shuningdek, 2-avgust kuni kechqurun Mirzo Ulug‘bek tumanida Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusi va Malibu rusumli yengil avtomobil to‘qnashgan.