O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan tuzilgan ishchi guruh AQShga mamlakatdagi eng yirik sement zavodlaridan biri — “Ohangaronsement”ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar yuzasidan o‘z e’tirozlari va xavotirlarini bildirdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

“Yaqinda bizning ishchi guruhimiz Amerikada bo‘ldi. Muayyan [masalalar] bo‘yicha o‘z e’tiroz va xavotirlarimizni bildirdik. Hozir ["Ohangaronsement"] faoliyati muammolarsiz davom etmoqda, ya’ni [zavodning] milliy valyutadagi operatsiyalari bo‘yicha operatsiyalar hech qanday cheklovlar qo‘llanilmasligini aniqladik. Dollardagi operatsiyalarga kelsak, ular bo‘yicha operatsiyalar yuzasidan majburiyatlar davom etadi. Eksport masalalari bo‘yicha esa individual yondashamiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruhga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xrdjayev boshchilik qilmoqda.

AQSh aprelda “Ohangaronsement” va Rossiya fuqarosi bo‘lgan Alisher Usmonovning USM xoldingi tarkibidagi kompaniya tomonidan ta’sis etilgan Akkermann Cement CA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi.

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11-iyulga qadar cheklashga litsenziya berdi.

May oyi boshida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov “Ohangaronsement” mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri ekani, mahalliy aholi bandligini ta’minlayotgani, shu bois “bu korxonaning uzluksiz ishlashi biz uchun muhim” ekanini ta’kidlagan edi.

“Sanksiyalarga kelsak, bu bizni juda xavotirga solmoqda. U yerda (“Ohangaronsement”da — tahr.) 10 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Sanksiyalarni qo‘llash [korxonaning] ishini shu zahotiyoq to‘xtatib turishni anglatmaydi. Biz bu borada AQSh Moliya vazirligi, OFAC (AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasi — tahr.) tuzilmasi bilan ishlayapmiz. Muayyan muddat berilgan. Bu cheklovlar ularning dollar bilan o‘tkazgan operatsiyalari bilan bevosita bog‘liq”, — degandi u.

2021-yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushni sotib oldi. O‘shanda bitim summasi 557,6 mlrd so‘mga baholangan. 2022-yil yanvarida Britaniya Virjiniya orollarining Lamanka Enterprises va Giacinttar kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trln so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinroq aksiyalar xaridori Akkermann Cement CA ekani ma’lum bo‘ldi.