O‘zbekistondagi ikki yirik to‘lov xizmatlari — Oson va Payme faoliyatida uzilishlar yuz berdi.

5-avgust kuni kechqurun Oson “kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra” xizmat Uzcard va Humo tizimlaridan vaqtincha uzilganini xabar qildi.

“Hamkorlar tomonidan texnik muammolar kuzatildi. Noqulaylik uchun uzr so‘raymiz. Nosozlik onlayn tarzda qisqa vaqt ichida tuzatiladi”, — deyiladi xabarda.

Hozirgacha Oson o‘z xizmatlari, shu jumladan, pul o‘tkazmalari tiklangani haqida xabar bermadi.

6-avgust kuni soat 20:00 dan keyin Payme ilovasida Uzcard va Humo tizimlari orqali pul o‘tkazmalari vaqtincha ishlamayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Kompaniya buni “rejadan tashqari texnik ishlar” deb izohladi.

Payme O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov xizmatlaridan biri bo‘lib, unda 10 millionga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, ulardan 3,1 milliondan ortig‘i faol hisoblanadi. May oyida kompaniya Gruziyaning TBC Bank Group bank guruhi tomonidan sotib olingan.

Oson xalqaro o‘tkazmalar bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. “Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan manba ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi ko‘plab mehnat migrantlari O‘zbekistonga pul o‘tkazish uchun bu ilovadan foydalanadi.

3-avgust kuni niqobli odamlar Freedom Pay onlayn-biznes uchun to‘lov xizmati ofisiga kelgandi. Toshkent shahri IIB fuqarolarning plastik kartochkalaridan 12 milliard so‘m o‘g‘irlangani va “turli to‘lov tizimlari” orqali xorijga pul olib chiqib ketilgani yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qildi. Bu qaysi tizimlar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Tekshiruvlar boshqa to‘lov tashkilotlarida ham bo‘lib o‘tgan.

Boshqa xizmatlar — Uzum Bank, Click (Uzum`ga qo‘shilmoqda), Paynet va Upay xizmatlarida muammolar kuzatilmadi.