Davlat rahbarining 7-avgustdagi qarori bilan Davronjon Qobiljonovich Odilov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori etib tayinlandi, deya xabar qildi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Bu lavozimga tayinlangunga qadar, 2021-yil yanvar oyidan u qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, so‘ngra vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. Vazirlikka qadar esa Davron Odilov Gold Step Invest qurilish kompaniyasi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Direksiya iyul oyi oxirida tashkil etilgan. U keng vakolatlarga ega bo‘lib, shaharni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqadi, investorlar bilan shartnomalar tuzadi va hokazo.

Ta’kidlash joizki, prezident “Mahalla” xayriya jamoat fondiga Toshkent hokimligi bilan birgalikda direksiyaga 1-sentabrgacha o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun joriy yilning 1-sentabriga qadar “Mahalla” fondi hisob raqamiga jamg‘arilgan homiylik mablag‘lari hisobidan 50 mln dollar ekvivalentida beg‘arazlik asosda ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Jamg‘arma nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning asosiy maqsadi fuqarolar yig‘inlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.