AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2021-yil yanvarida Kapitoliyga qilingan hujum ishi bo‘yicha ayblanmoqda, deb xabar berdi CNN va The New York Times. Bu bo‘lajak saylovlarda prezidentlikka qaytishga urinayotgan Trampga qo‘yilgan jinoiy ayblovlarning uchinchisi va eng jiddiyidir.

Tramp quyidagi to‘rtta moddada ayblanmoqda:

  • davlatni aldash uchun til biriktirish;
  • rasmiy protseduraga to‘sqinlik qilish uchun til biriktirish;
  • rasmiy tartib-qoidalarga to‘sqinlik qilish va to‘sqinlik qilishga urinish;
  • fuqarolarning huquqlarini buzish uchun til biriktirish.

Ushbu bandlarning ikkitasi bo‘yicha AQShning sobiq prezidenti besh yilgacha, yana ikkitasi bo‘yicha 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tramp bo‘yicha tergovni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudda ishlagan, partiyasiz maxsus prokuror Jek Smit olib boradi.

“Mamlakatimiz poytaxtida 2021-yil 6-yanvarda sodir etilgan hodisa Amerika demokratiyasining markaziga misli ko‘rilmagan hujum bo‘ldi. Ayblov xulosasida aytilganidek, u yolg‘ondan qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchining yolg‘oni AQSh hukumatining asosiy funksiyasi — prezidentlik saylovlari natijalarini umumlashtirish va tasdiqlash jarayoniga aralashishga qaratilgan”, — dedi Smit jurnalistlar bilan suhbatda.

45 sahifalik ayblov xulosasida aytilishicha, Donald Tramp 2020-yilgi saylovda “yutqazganiga qaramay”, “hokimiyatda qolishga qaror qilgan” va ikki oydan ortiq vaqt davomida saylovchilarning firibgarligi haqida “yolg‘on tarqatgan”. “Bu ayblovlar yolg‘on edi va sudlanuvchi ularning yolg‘onligini bilar edi”, — deyiladi hujjatda.

Tramp bilan birga ism-shariflari oshkor etilmagan yana olti kishiga nisbatan ayblovlar ilgari surildi. CNN ulardan besh nafarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi — bular Trampning sobiq advokatlari Rudi Djuliani, Djon Eastman va Sidni Pauell, AQSh Adliya vazirligining sobiq xodimi Djeffri Klark va advokat Kennet Chesebro.

3-avgust kuni Tramp Kolumbiya Metropolitan okrugi federal sudida ishtirok etishi kerak.

Kapitoliyga hujum

2021-yilning 6-yanvarida AQSh Kongressi yig‘ilishi vaqtida o‘sha paytdagi prezident Donald Trampning minglab tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. Parlamentning har ikki palatasi amaldagi davlat rahbari Jo Baydenning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini rasman tasdiqlashi kerak edi.

Hujum oqibatida besh kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘ldi. Yana 140 nafar politsiyachi yaralangan.

6-yanvardagi tartibsizliklar bo‘yicha rasmiy tergov bir yarim yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etmoqda va Amerikaning deyarli barcha shtatlaridan 850 dan ortiq odamning hibsga olinishiga sabab bo‘ldi. 260 dan ortiq gumonlanuvchi zo‘ravonlik va huquqni muhofaza qilish ishlariga to‘sqinlik qilganlikda ayblanmoqda.

Trampga qarshi sud jarayoni

Donald Tramp AQSh tarixida jinoiy javobgarlikka tortilgan birinchi sobiq prezidentdir.

Iyun oyida Tramp Floridadagi uning mulkini tintuv qilish chog‘ida FQB tomonidan aniqlangan maxfiy hujjatlarga ega bo‘lgani bo‘yicha rasman ayblanuvchiga aylandi. Hammasi bo‘lib 11 000 ta, jumladan, “o‘ta maxfiy” degan belgi qo‘yilgan hujjatlar olingan.

Washington Post nashri manbalarga tayanib, sobiq prezident yadro quroliga oid ba’zi sirlarni olib qo‘yganini yozdi.

Trampning bu ish bo‘yicha ayblov xulosasi yetti banddan iborat bo‘lib, ular orasida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash, yolg‘on ko‘rsatuvlar va adolatga to‘sqinlik qilish bo‘yicha til biriktirish kiradi.

Aprel oyida Tramp 2016-yilda pornografik aktrisa Stormi Daniyelsga u bilan jinsiy aloqada bo‘lgani haqida aytmaslik uchun pul to‘laganlikda ayblangan edi. Prokuraturaning fikricha, Tramp to‘lov uchun saylov kampaniyasi mablag‘lari va qalbaki hujjatlardan foydalangan.

2024-yilgi saylov

2022-yil noyabrida Tramp bo‘lajak saylovlarda respublikachilardan prezidentlikka nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. Jinoiy ayblovlar va uning ishtirokidagi muntazam nizolarga qaramay, Qo‘shma Shtatlarning sobiq rahbari mashhurlik bo‘yicha respublikachilarning hozirgi raqiblaridan sezilarli darajada oldinda. Ular orasida Trampning asosiy raqibi hisoblangan Florida gubernatori Ron DeSantis va Tramp davrida AQShning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens bor.

Tramp taxmin qilinayotgan jinoyatlarda aybdor deb topilgan taqdirda ham u prezidentlikka nomzodini qo‘yishda davom etishi mumkin.

“[AQSh] Konstitutsiyasi prezident bo‘lish uchun juda kam talablarni sanab o‘tgan. Misol uchun, kamida 35 yoshda bo‘lish. Bu [jinoyatda] ayblangan, sudlangan yoki hatto qamoq jazosini o‘tayotganlarning prezidentlikka nomzodini qo‘yishiga va prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilmaydi”, — dedi Kaliforniya universiteti huquqshunos professori Richard Xassen CNN’ga.