O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov seshanba kuni Koreya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Li Jong Supni qabul qildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralarda vazirlar harbiy sohadagi hamkorlikni davom ettirish va sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

ўзбекистон, жанубий корея, mudofaa

Tashrif doirasida Koreya Respublikasi harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, ta’lim muassasasi faoliyati va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Yana bir qancha obyektlarga tashrif buyurish ham rejalashtirilgan.

The Korea Herald nashrining yozishicha, Janubiy Koreya mudofaa vaziri mudofaa va qurol-yarog‘ sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga ilk tashrifini boshlagan.

Mudofaa vaziri Li Jong Sup dushanbadan payshanbagacha “Markaziy Osiyodagi alohida strategik hamkor va asosiy do‘st mamlakat” bo‘lgan O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan, deb xabar berdi dushanba kuni Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi.

E’tiborli jihati, Li O‘zbekistonga tashrif buyurgan birinchi Janubiy Koreya mudofaa vaziri sanaladi.

“Tashrif davomida vazir Li Jong Sup ikki davlat o‘rtasida mudofaa va qurol-yarog‘ sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“Janubiy Koreya-O‘zbekiston mudofaa sanoatini rivojlantirish konferensiyasi ham bo‘lib o‘tadi va bu O‘zbekiston bilan mudofaa sohasida strategik hamkorlik chora-tadbirlarini muhokama qilish uchun platforma bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Nashr vazirning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi mumkinligi haqida ham yozgan.

Mudofaa vazirlarining ikki tomonlama uchrashuvi 2015-yil aprel oyida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev Seulga tashrif buyurgan va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan FA-50 yengil jangovar samolyoti simulyatorini shaxsan o‘zi sinab ko‘rganidan beri birinchi marta o‘tkazilmoqda.

Qayd etilishicha, Janubiy Koreya va O‘zbekiston mudofaa va qurol-yarog‘ sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda. Ular mudofaa sanoati hamkorlik qo‘shma qo‘mita yig‘ilishlari va ishchi darajadagi mudofaa siyosati yig‘ilishlarini o‘tkazgan.

“Ammo Janubiy Koreya hali O‘zbekistonga o‘zimizda ishlab chiqarilgan asosiy qurollarni sezilarli darajada eksport qilgani yo‘q, hozircha faqat kichik harbiy texnika jo‘natilgan. Ikki davlat o‘rtasida ishlab chiqarilgan qurollarni eksport qilish bo‘yicha ikki tomonlama muhokamalarga qaramay, bu muzokaralar hech qanday aniq natijalarni bergani yo‘q”, — deyiladi xabarda