Prezidentning “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori loyihasidan kelib chiqilsa, 2023-yilda O‘zbekiston davlat budjeti defitsitining maksimal miqdori oshishi mumkin.

Joriy yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, davlat budjeti defitsiti chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz yoki 32,5 trillion so‘m miqdorida belgilangandi. Bu shuni anglatadiki, prognozga ko‘ra, davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini o‘z ichiga olgan konsolidatsiyalashgan budjet daromadlaridan ko‘ra shuncha ko‘proq xarajat bo‘lishi nazarda tutilgan.

Strategiya loyihasida budjet defitsiti 5 foiz yoki 53,4 trillion so‘mdan oshib ketmasligini ta’minlash nazarda tutilgan, bu amaldagi limitdan 20,87 trillion so‘mga (1,8 milliard dollarga yaqin) ko‘proq hisoblanadi.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan boshqa maqsadli ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarmagan. Yalpi ichki mahsulotning o‘sishini 5,3−5,5 foiz, sanoat ishlab chiqarishining o‘sishini 6,7 foiz, xizmat ko‘rsatish o‘sishini 14 foiz, qishloq xo‘jaligi o‘sishini 3,5 foiz, qurilish o‘sishini 6 foiz darajasida ta’minlash rejalashtirilgan. Inflyatsiyani 9−9,5 foiz darajasida ushlab turish nazarda tutilgan.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov budjet defitsiti haqidagi savolga javoban aniq miqdorni aytmagandi, lekin Markaziy bank raisi amaldagi defitsit limitdan “biroz yuqori” ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichning o‘sishi gaz importining ortishi bilan bog‘liq, lekin yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston atigi 200 million dollarlik gaz import qilgan.

“Gazeta.uz” birgina 2023-yilning 1-yanvaridan 13-yanvarigacha davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 2,3 barobar oshib ketgani, buning natijasida taqchillik 5,5 trillion so‘mga yetgani haqida xabar bergandi. Bu 2023-yilga rejalashtirilgan umumiy defitsitning beshdan bir qismidan ko‘proq (25,1 trillion so‘m, gap davlat budjeti haqida ketmoqda, konsolidatsiyalashgan budjet haqida emas), shuningdek, 2021-yilning shu davriga nisbatan 17,4 barobar ko‘p (2020-yilga nisbatan 20,4 baravar). Yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi kamida 2019-yildan beri ochiqlanib kelayotgan budjet daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatib qo‘ydi.

2022-yilda hukumat davlat budjeti defitsitining yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdoridagi chegarasini ushlab turolmadi, shu sababli parlament xarajatlarni 2 milliard dollarga, ya’ni YAIMning 4 foizigacha oshirishni tasdiqladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining oshishi hisobiga inflyatsiya darajasi kutilganidan yuqori ekanini, shu sababli budjetni konsolidatsiyalash (xarajat va daromadlarni optimallashtirish) roli ortib borayotganini ta’kidlagandi.